AsosiySUG'DIYONA

JINSIY TARBIYa NEChA YoShDAN BOShLANADI?

'JINSIY TARBIYa NEChA YoShDAN BOShLANADI?'ning rasmi
Mavzu yuzasidan atrofimdagi oilalarni kuzatib, bu borada har kim turlicha firklashining guvohi bo`ldim. hayron qoldirgani, jinsiy tarbiya deganda, aksariyat ota-onalar shaxsiy gigiena qoidalarini tushunishadi, xolos. Aslida esa bolalarning jinsiy tarbiyasi juda nozik masala. Tanlagan mavzumiz ko`lami shu qadar kengki, bolalar ruhiyati bilan birga salomatligiga ham urg`u berib o`tishga to`g`ri keladi. Xo`sh, to`g`ri tarbiya usulini tanlash uchun ota-onalar nimalarga e`tibor berishlari lozim? Asosiy vazifalari nimalardan iborat? Bugun shu haqida.

Mutaxassisimiz: tibbiyot fanlari doktori, seksapatolog Dilmurod Irgashev


  • O`G`IL BOLA

TARBIYa YO`RGAKDAN BOShLANADI....

Ahamiyat bergan bo`lsangiz farzand dunyoga kelgach, ayolga bolani qanday emizish va yo`rgaklash tushuntiriladi-yu, jinsiy a`zolari rivojlanishida nimalarga e`tibor berilishi aytilmaydi. Aksariyat hollarda biror muammo yoki nome`yoriy holatni sezishsa ham, beparvolik «biroz ulg`aysin o`tib ketadi» deyishadi. Vaholanki, bola jinsiy tarbiyasini to`g`ri olib borish uchun har bir ota-ona jinsiy a`zolar tuzilishi, rivojlanishi kabilarni ham bilishi kerak.

ILK KO`RIK: MUHIM MAVZU!

Ko`p ota-onalar o`g`il farzandlarining jinsiy a`zolariga ahamiyat berishmaydi. Bir-biriga to`g`ri tushganmi, biror nuqsoni yo`qmi, tuxum joylashuvi me`yoridami... Yo`q, bular o`rniga chillagurazongami, yig`ingami oshiqishadi. Shifokorlar o`g`il bolaning chillasi chiqqach, bolalar andrologiga olib borishni tavsiya etishadi. hatto hech qanday bezovtalik bo`lmasa ham. Agar bolaning jinsiy a`zosida biror bir nome`yoriy holat aniqlansa, 2 yoshgacha kerakli muolajalar bajarilsa, keyinchalik muammolardan holi bo`ladi.

NEChA YoShDA QANDAY?

Jinsiy tarbiya nazdingizda hojatxonaga borib kelishni o`rgatish, tahorat qilish bilan kifoyalanib qolsa, xato qilasiz. O`g`il bola tarbiyasini yosh davrlariga bo`lib chiqsak, quyidagicha taqsimlanishi mumkin.

....2 yoshgacha: o`g`il bola o`z jinsini anglashi, «o`g`il bola» ekanligini tushunishi lozim. Buning uchun esa «sen o`g`il bolasan, mard bo`l» kabi so`zlar ayni muddao. O`g`il bolaga hos o`yinlar, ertak kitoblar, etakchilik qobiliyatini shakllantiruvchi qahramonlarni misol keltirish lozim. Mayli, o`g`lingiz Betmen, O`rgimchak odamga havas qilsin, urishmang. Alpomish, Jaloliddin Manguberdi kabi timsollarni bilsayu undanda yaxshi. Muhimi unda o`z jinsi haqida tasavvur bo`ladi.

....5 yoshdan so`ng: jismoniy kuchini to`g`ri yo`naltiring. Ana shunda atrofidagi voqea-hodisalarga to`g`ri munosabatda bo`ladi. Mehnat qilishga o`rgating. Biror hunarga qiziqdimi, shashtini qaytarmang. Bilagidagi kuchi to`g`ri yo`naltirilsa, ortiqcha fikrlarga chalg`itmaydi.

....10-11 yosh: o`g`il bolada shaxs shakllana boshlaydi. O`zini yanada mustaqil his etishi va buni boshqalarga ko`rsatishga intilishi tabiiy hol. Buni ota-onalar to`g`ri tushunishlari kerak.

Xarakterni shakllantirishning jinsiy tarbiyaga qanday dahli bor, deb o`ylayotgan bo`lsangiz kerak. Jinsiy tarbiya aynan fe`l-atvor tarbiyasidan boshlanadi. Yuqorida davr ko`rsatmalari esa balog`at davridagi jinsiy tarbiya uchun asos bo`ladi.

ENDI U «QO`RQMAS BOTIR»!

Balog`atga etish davrida o`g`lingizni ertak qahramonlari bilan tarbiyalagan bo`lsangiz, bu davrga kelib, qahramonlik xarakterini shakllantirishingiz lozim. Unutmang, ayni shu davrda o`g`il bola qizlar bilan muomala qilish, o`zini qanday tutishi kabilarga qiziqadi. Ba`zida «dadam bilan bir-biringizni sevasizmi» kabi savollarni eshitib qolasiz. Bu yoshiga mos qiziquvchanlik. Sizning vazifangiz esa sevgi va bir-birini yoqtirish o`rtasidagi farqni to`g`ri tushuntirish. Bu holatda nimalarni his etishi, hayajonini qanday boshqarishni o`rgatishingiz, misollar keltirishingiz lozim.

O`G`LIMIZ ULG`AYDI...

Qaxramonlar timsoli, botirlikdan o`tib va nihoyat balog`at davriga ham etib keldik. Bu paytda o`g`il bolada jinsiy moyillik asta-sekin paydo bo`la boshlaydi. Tushida ehtilom qilish ham sodir bo`ladi. Bu tabiiy hol. Bilgan taqdiringizda ham vahima qilib, tergamang. O`g`il boladagi bunday jinsiy o`zgarishlarni otasi tushuntirishi shart. Sof muhabbat, uni his etganda nimalar yuz berishi, qay holatda qiz bola bilan muomala qilish, nimalarga yo`l qo`ymaslik, oila qurish kabilar asosiy mavzulardir. Jinsiy etilish davrini boshidan o`tkazayotgan yigitlar uchun romanlar asqotadi. Agar o`g`lingiz istasa, tarbiyaviy ahamiyatga molik turli romanlarni taklif eting. Mutolaa qilib ko`rsin. O`g`il bola o`zidagi o`zgarishlar haqida yaqinlaridan to`g`ri ma`lumot olmas ekan, albatta tashqaridan manba axtaradi.

OTASI HAM O`RNAK BO`LSIN!

hamma oilada ham er-xotin tortishuvi uchrab turadi. Ammo o`g`il-qiz o`stirayotgan ota-onalar, hech qachon bolalar ko`z o`ngida bir-birin haqorat qilmasligi kerak. E`tibor bersangiz, yosh oilalarda erkakning qadrsizlanishi, ayolning xo`rlanishi bolalikdagi xotiralar sabab yuz beradi. O`g`lingizga o`rnak bo`ling, erkaklar! Onasini urib, haqoratlab, zinodan tiyilmasangiz, haqiqiy erkaklik, ayollar bilan yaqinlik haqida qanday gapirasiz?! «Sizdek bo`lmayman» demaydimi dilida?!

«O`G`IL BOLALAR BILAN O`YNAMA!»

To`g`ri, qizingizni tashqi ta`sirlardan asrab-avaylab, turmushga uzatishni niyat qilasiz. Ammo o`ylab ko`ring, o`g`il bola haqida to`g`ri tushuncha berayapsizmi? 4-5 yoshli qizaloqni «qo`shnining o`g`li bilan o`ynama, uyat bo`ladi» deb unda qanday taassurot paydo qilayapsiz?! Bu yoshda qizchangiz ishtonchang yurish uyat, be`mani qiliq qilish uyat, kattalarga gap qaytarish uyat deb biladi. O`g`il bola nimasi bilan uyatli deb o`ylamaydimi? Shifokorlar tajribasida to`ydan so`ng kuyov bilan qo`shilolmaydigan kelinchaklar uchrab turadi. Sababini o`rgansangiz, bolalikda otasi yoki onasi qo`rqitgan: «o`g`il bola qo`lingga tegib ketsa, homilador bo`lib qolasan».


  • QIZLARDA

QIZ BOLA UChUN ONASI MA`SUL!

Kichikligidan qiz bola o`g`il boladan nimasi bilan ajralib turadi, yurish-turishi, kiyinishidan tortib, muomalasigacha tushuntirishi kerak. Ona bu borada farzandiga o`zi o`rnak bo`lishini unutmasligi lozim. Balog`at davriga qadam qo`yayotgan qizga hayz haqida batafsil ma`lumot berish lozim. hayz ko`rgandan so`ng yuzaga keladigan jinsiy a`zolardagi o`zgarishlar, ko`kraklar kattalashishi haqida ham xolis fikr yuritish kerak.

«ODAMLAR NIMA DEYDI?»

Qiz bolani bolalar ginekologiga olib borish ko`pchilik oilalar uchun erish tuyuladi. «Eshitgan odam nima deydi?! Qizining aybi bor ekan demaydimi?! Turmushga chiqayotganida ko`rinsa bo`ldi-da». Xafa bo`lmang-u, dunyoqarashi keng bo`lgan odam, avvalo, gap-so`zlar ta`siriga tushib qolmaydi. Ahir farzand sog`lig`i hammasidan ustun-ku! Qiz bola 11-12 yoshga etgach, jinsiy a`zolarini ko`rikdan o`tkazish foydadan holi bo`lmaydi.

«MINI YuBKA KIYaR QIZLAR...»

Kichikligida hech narsa qilmaydi deb, kalta yubka, tor shim kiydirasiz qizingizga. Ammo balog`at davriga qadam qo`ygan qiz bola qomatini ko`z-ko`z qilishi emas, siporoq kiyinishi lozim. Bu ham jinsiy tarbiyaning muhim bo`lagi hisoblanadi. O`smir yigit sonining yarmigacha ochiq, ko`kraklariga yopishib turgan liboslarni kiygan qizlarni ko`rib, shahvati qo`zg`ashi mumkin. Chunki bu davrda o`g`il bolada jinsiy moyillik ustunlik qiladi. Ammo hislarini tushunmaydi.

TAShQI TA`SIRLARDAN HIMOYaLASh KERAKMI?

Bugun internet, uyali telefon apparatlaridagi turli dasturlarga bolalarning kirib-chiqishi oson bo`lib qolgan. To`g`ri, e`tiborli ota-onalar farzandlari necha soat kompyuterda shug`ullanadi, kim bilan telefonda so`zlashadi diqqat qiladi. Ammo besh qo`l barobar emas-da. Garchi behayo suratlar qonunan ta`qiqlangan bo`lsa ham yoshlar ongini zaharlaydiganlar topiladi. Unutmang, behayo filmlar yoki suratlarga qiziqib qolgan bola, keyinchalik bu ta`sirdan chiqib ketolmasligi mumkin. Bu esa oilaviy hayotida asoratsiz o`tmaydi.

BUVASIGA YuKLAMANG!

Gohida «o`g`limda ehtilom bo`ldi. Ammo tushuntirishga uyalayapman. Buvisiga aytaman, o`g`il o`stirgan tushuntiradi» degan gaplarni eshitamiz. Mutaxassislar bu fikrni yoqlashmaydi. Buviyu bobosi tibbiyot sohasidan boxabar bo`lsa, balki uddalashi mumkindir. Ammo jinsiy tarbiya masalasida ota-onadan o`zgasi mas`ul bo`lolmaydi. Nozik masalalarni siz emas, qaynona-qaynotangiz yoki ota-onangiz tushuntirsa, farzandingiz bilan orada masofa paydo bo`lishi mumkin.

Muxtasar aytganda, jinsiy tarbiya avvalo bola xarakterini to`g`ri shakllantirishdan boshlanadi. Bu ishni faqat siz, ya`ni o`g`il va qizni tarbiyalayotgan ota-ona bajarishingiz mumkin.

Dildora Yusufbekova tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar