AsosiySUG'DIYONA

HOMILA NEGA NOBUD BO`LADI?

'HOMILA NEGA NOBUD BO`LADI? 'ning rasmi

Oy sanab, kun sanab, dunyoga kelishini kutib yurgan farzandi nobud bo`lishi – bo`lajak ona uchun ulkan qayg`u. Ota-onalar ko`p beradigan savol: nega? Nima uchun shunday bo`ldi? Afsuski, bu savolga bir so`z bilan javob berish qiyin, sabablar ko`p va murakkab. Ularni aniqlash uchun tekshiruvlarni o`tkazish kerak. Єuyida biz homilaning nobud bo`lishiga olib keluvchi asosiy sabablarni keltiramiz.

Onadagi kasalliklar

Homilaning nobud bo`lishiga olib keluvchi eng ko`p uchraydigan sabablardan biri – plasenta va qog`onoq suvi muammolaridir. Onada yurak-qon tomir, qon kasalliklari, buyrak etishmovchiligi, kamqonlik, nazoratsiz yoki tashxislanmagan diabet kabi xastaliklar bo`lishi homila uchun katta xavfdir. Shuningdek, homiladorlarda kuzatiladigan kechki gestoz ham homila o`limiga olib kelishi mumkin. Bu kasallikda qon bosimi ortib ketib, organizm shishadi. Shuningdek, sil, zahm, gepatit, qizamiq, qizilcha, gripp va boshqa infeksion kasalliklar homilani jiddiy zararlaydi. Bunda homila yo ona qornida nobud bo`ladi, yoki jiddiy nuqsonlar bilan dunyoga keladi.

Tashqi ta`sirlar

Narkotik moddalar, alkogol va nikotin homila nobud bo`lishining asosiy sabablaridan biri. Shuningdek, shifokor tavsiyasisiz qabul qilingan dori vositalari ham shular jumlasidan. Homilador ayol turli kimyoviy aralashmalar, og`ir metallar bilan zaharlanishi ham homilaning nobud bo`lishiga olib keladi. Bunda ona homilador bo`lmasidan avval shunday zaharlanishga duchor bo`lgan bo`lsa ham, homilaga ta`sir etishi mumkin. Shu sababli kimyoviy vositalar va og`ir metallardan zaharlangan ayollar homilador bo`lganida, muntazam shifokor nazoratida turishlari kerak.

Homiladagi nuqsonlar

Homiladorlikning boshida homila xromosom nuqsonlar tufayli, homiladorlikning ikkinchi yarmida esa uzoq davom etgan kislorod etishmasligi homila nobud bo`lishiga olib kelishi mumkin. Homilaning yurak, buyrak va asab tizimidagi jiddiy nuqsonlar uning o`limiga olib keluvchi asosiy sabablar deb qaraladi.

Rezus ziddiyat

Ko`pincha ona va bola qonidagi rezus ziddiyat homila o`limiga sabab bo`ladi. Bu mavzu haqida avvalgi sonlarimizda ham to`xtalganmiz.

TORCh infeksiyalar

Ushbu guruhga kiruvchi 5 asosiy virus homilaga katta xavf tug`diradi. Ammo viruslarni nazorat qilib turish mumkin. Shu sababli homiladorlik rejalashtirilayotgan paytdayoq ayollar o`zlarida shu infeksiyalarning mavjudligi va miqdor ko`rsatkichini aniqlash uchun tahlillar topshirishlari kerak.

O`qiga o`ralib qolishi

Homila ona qornida kindik o`qiga o`ralib qolishi mumkin. Agar bu vaqtida aniqlanmasa va chora ko`rilmasa, bola bo`g`ilib o`lib qoladi.

Turli shikastliklar

Ba`zida ona o`zini ehtiyot qilmasligi oqibatida yoki boshqa biron baxtsiz hodisa tufayli qattiq jarohat olishi mumkin. Masalan, avtohalokat, yiqilib tushish va hokazo. Bunda bola nobud bo`lganini ba`zan kuchli qon ketishidan bilsa ham bo`ladi. Ba`zida esa umuman belgilarsiz kechishi mumkin. Shu sababli bunday hollarda darhol homilani ultratovush tekshiruvidan o`tkazish kerak.

Ko`p homilali homiladorlik

Bunda ko`pincha homilalardan birining nobud bo`lishi kuzatiladi. Buning sabablari talay: homilaga qonning etarlicha etib bormasligi, o`qiga o`ralib qolish va hokazo. Ko`pincha, ikkinchi homilani saqlab qolish uchun homiladorlik jarayoni to`xtatilmaydi, faqat muntazam kuzatib boriladi.

Nima uchun o`g`il homila?

Ba`zi ayollarning bir emas, bir necha bor homilasi nobud bo`lishi mumkin. Ba`zan faqat o`g`il yoki faqat qiz homilalar o`lishi kuzatiladi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra o`g`il homilalar qizlarga qaraganda 10 foiz ko`proq nobud bo`lar ekan. Bunda ko`pincha yo infeksiyalar, yoki rezus ziddiyat sabab qilib ko`rsatiladi. Har nima bo`lganida ham, sabab aniqlanib bartaraf etilmaguncha bu hol davom etishi mumkin. Agar takror va takror homila nobud bo`lishi kuzatilayotgan bo`lsa, navbatdagi homiladorlikni rejalashtirayotganda malakali mutaxassisga murojaat etish kerak. Avvalo, aniq tashxislash, keyin to`g`ri choralar qo`llash orqali ayol organizmining homiladorlikka eng tayyor payti kutiladi, shu paytda homilador bo`lish uchun harakat qilinadi. Keyin homila rivoji muntazam kuzatuvda bo`lib, onaning immuniteti oshirib boriladi va ruhiy xotirjamligi ta`minlanadi. Rezus-ziddiyat bo`lsa, uning chorasi ko`riladi. Homila ma`lum muddatga etgach, oy-kuni etmagan bo`lsa ham, tashqi hayotda yashab ketishi mumkin. Bordi-yu ona qornida unga biron xavf tug`ilsa, bolani muddatdan oldin tug`dirib olish ham mumkin. Ammo buni shifokor hal qiladi.

Olif toifali shifokor ginekolog Mohira Sodiqova tavsiyalari asosida Shahnoza To`raxo`jaeva tayyorladi

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar