Turmush o`rtog`im bilan bir-birimizga ko`ngil berib bir yostiqqa bosh qo`ygandik. Afsus, uning xiyonatlari oqibatida oilamizga darz ketdi. Erimning qadam olishi o`zgarib qolganini bilganimdan keyin avvaliga poyladim, gumonlarim tasdig`ini topgach, uydan janjal arimay qoldi. Oxiri, ajrimga ariza berdim. Mana, endi bir o`g`il, bir qizimni otasiz o`stirayapman. To`g`ri, bolalarimning otasi moddiy tomondan yaxshigina yordam ko`rsatadi. Biroq pul mehrning, e`tiborning o`rnini bosmas ekan. Nega bu odam shunaqa? Nima uchun o`z zurriyotlari bilan na telefonda gaplashadi, na ko`rishadi. Ikkinchi oilasi bilan farzandli bo`lsa, bolalarimizni batamom unutadi, shekilli...
Zamira, Koson tumani
Haqiqatda, nega ayrim erkaklar oilasi bilan ajrashgach, farzandlarini unutishadi? Bunga nima sabab bo`lishi mumkin? Ayollar ota-bola munosabatlarini asrab qolish uchun nima qilishi kerak? Ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan mavzuni tahlil qilamiz.
Erkaklar nega bunday yo`l tutadi?
Turmushidan ajrashgan har bir ayolni bu savol o`ylantirish tabiiy. Faqat ko`pincha sabablarni aniqlamasdan, oqibatni ro`kach qilib, mavjud vaziyatni yanada chigallashtirishadi. Keling, avvalo, nega ayrim otalar bolasi bilan uchrashishdan qochishiga aniqlik kiritib olamiz. Shunda muammoning echimini topish osonroq ko`chadi.
Oilasidan ajrashgan aksariyat erkaklar ayolidan qattiq ko`ngli qolganligi sabab u bilan yuzma-yuz keltiruvchi barcha holatlarni chetlab o`tishadi. Garchi, o`zlari xato qilishgan bo`lsa ham, aybini elga oshkor qilib ham tinchimagan xotini bilan qayta ko`rishishni istashmaydi.
Bolalarni ko`rmaslik orqali ayolini jazolashni maqsad qilishadi. Bu harakat negizida «Єani, mensiz nimani qoyillatar ekansan», degan ta`na yotadi. Shuning uchun, hatto, aliment to`lash kabi qonuniy majburiyatlarini ham ado etmasliklari mumkin.
Ajrimning ilk bosqichida xotini bolalarni ko`rsatmaslik orqali uni jazolamoqchi bo`lgani uchun keyinchalik «Onasining o`zi shuni istagandi», deya mas`uliyatni bo`ynidan soqit qilishadi.
Erkaklar ayollardan tubdan farq qiladi, ular o`zlarini bola uchun qurbon qilishmaydi. Ayol kishi «Farzandlarim otasiz qolmasin», deya erining har qanday qilig`iga chidashi mumkin. Ammo bu qarama-qarshi jins vakillariga yotroq sifat.
Erkaklarni his-tuyg`u boshqarmaydi. Ular hamma narsani mantiqan o`ylashadi. «Ajrashdim, mana, pulga zor qilmayapman, har oy falon so`m berayapman, kam-ko`stsiz katta bo`lishayapti, yana nima kerak?» deya fikrlash ehtimoli ham mavjud. Chunki ular oilasini, bolalarini moddiy ta`minlashni asosiy vazifa sanashadi
His-tuyg`u boshqarmaydi degani, erkaklar toshbag`ir, mehrsiz degani emas. Ayrim kuchli jins vakillarida ichki qo`rquv ham bor. Ya`ni «Bugun bolalarim bilan ko`rishsam, ertaga ular menga, men ularga qattiq bog`lanib qolsak, keyin nima bo`ladi? Endi bu oilani tiklab bo`lmaydi-ku», degan o`y tufayli ham farzandlari tomon qadam tashlashmaydi. Ko`z-ko`zga tushmasa, o`zi ham, bolalari ham azoblanmaydigandek tuyuladi.
Ikkinchi rafiqasining qat`iy talabi ostida birinchi oilasidan uzoqroq yurishni ma`qul ko`rishadi.
Farzandlarining savollaridan qochishadi. «Nega biz birga yashamaymiz?» degan so`roqlardan ko`rishmaslik yo`li bilan himoyalanishadi.
Ayollar qaerda xato qilishadi?
Ayollarning o`ziga xos bir jihati borki, ular bolalarni qurol qilib, vaziyatni o`z tomoniga og`dirib olishni ko`zlashadi. Ajrashganlar esa farzandlaridan ikki maqsadda foydalanishadi: yo erini jazolash, yoki u bilan aloqalarni qayta tiklash yo`lida. Bu — XATO!
Maqsadingizni aniqlab oling. Ich-ichingizdan nega bu holatdan xafa bo`layapsiz? Uning farzandlariga bo`lgan beparvo munosabati sizni tahqirlayaptimi yoki otasini sog`ingan bolalarni o`ylayapsizmi? Nima uchun sobiq eringiz bolalaringiz bilan ko`rishishini istayapsiz?
Eringizni bolalar orqali jazolamang! Bolalar holidan xabar olib, qo`ng`iroq qilsa, eshigingizni taqillatsa, alam ustida uning istagini qat`iy rad qilmang. Chunki siz eringiz bilan ajrashdingiz. Ammo sobiq turmush o`rtog`ingiz to qiyomatgacha bolalaringizning otasiligicha qoladi. Farzandlaringiz tomirida shu insonning qoni jo`sh urayapti. U yomon bo`lsin, zolim bo`lsin, bolalaringizning otasi! Bugun dilbandlarining diydorini istayotgan otaning ko`ksidan itarsangiz, bora-bora u zurriyotlaridan umuman xabar olmay qo`yadi. Ertaga ota ham, farzandlaringiz ham etni tirnoqdan ajratganingiz uchun sizni ayblaydi.
Turmush o`rtog`ingizni kechiring. Hatto, uning aybi bilan oilangiz barbod bo`lgan bo`lsa-da. O`tgan kunlarni, sobiq eringizning ayblarini eslamang, ayniqsa, bolalaringizga eslatmang. Uni kechirsangiz va barcha hislaringizni yuragingizdan qo`yib yuborsangiz, ham yashashingiz oson bo`ladi, ham xotiralaringiz ota-bola munosabatlariga soya solmaydi.
Bolalarni ham, sobiq eringizni ham majburlamang! Hammasini vaqtning hukmiga qo`yib bering. Yuqorida sanab o`tilgan qaysidir sabab tufayli u bolalaridan o`zini olib qochayapti, demak, muammosi bor. Bunday vaziyatda bolalarga otasiga qo`ng`iroq qildirib yoki ularni uyiga jo`natib, faqat zarar qilasiz. Birinchidan, otasining sovuq muomalasidan farzandlaringiz dili yaralanadi, ikkinchidan, otasi ulardan yanada uzoqlashadi. Yaxshisi, maqsadingiz bolalar otasining e`tibori, mehrini his qilib o`sishlarini istash bo`lsa, sobiq eringiz bilan yuzma-yuz gaplashib oling. «Biz er-xotin sifatida bir-birimizga to`g`ri kelmadik, toqat qilolmadik. Keling, farzandlarimiz buning jabrini tortishmasin. Ularning hayotida siz ota, men ona bo`lib qolaylik», deng. Nima uchun ular bilan uchrashishni xohlamayotgani bilan qiziqing. Urush-janjalsiz muammomaga oydinlik kiritib olishga harakat qiling.
Bolalarning ruhini sindirmang!
Ko`rib turganingizdek, har ikkala tomonning ham o`z haqiqatlari bor. Ammo hayotning eng katta haqiqatini unutmang, bu, dunyo — qaytar dunyo! Bugun bolalari ahvoli ne kechayotganiga qiziqmayotgan ota, ertaga bir zamonlar yuz o`girgan bolangiz sizga suyanchiq bo`lishini unutmang.
Eridan yozg`irayotgan ona, «Otangga kerakmassizlar. U sizlarni tashlab ketgan», degan so`zlaringiz o`z natijasini ko`rsatmay qolmaydi. Otasiga nisbatan nafrat hissi bilan o`sgan inson –bolangizdan kutgan orzu-umidlaringizni amalga oshirishi dargumon.
Sabrni, qanoatni, oila muqaddasligini, begunoh farzandlarning uvoli borligini unutib, bir-biriga alamini bolalar orqali sochayotgan er-xotinlar, o`rtada sarson farzandlaringizning ruhini sindirib, ko`nglini cho`ktirib, qaddini bukib, nimaga erishasizlar? Єizingiz «Otamki, menga mehr ko`rsatmadi, begonalar nima qilsin?» degan o`y bilan kelajakda baxt toparmikan? O`g`lingiz «Otam mendan yuz o`girgan, men hech kim emaskanman», degan fikr bilan ulg`ayib, jamiyatda, hayotda o`z o`rniga ega bo`larmikan? Tilingizga ko`chganini aytish, biror qadam tashlash oldidan shu haqda o`ylab ko`ring. Oilangizni asray olmabsiz, hech bo`lmaganda, bolalarning «meni»ni asrang! Er-xotin bir-biringizni e`zozlamabsiz, farzandlaringizning shaxsini hurmat qiling! Bir nikohda yashab, baxt ko`rmabsiz, tortgan azoblaringizni dilbandingizga ham ravo ko`rmang! Oilangizni kim, nima sababga ko`ra parokanda bo`lganidan qat`i nazar ota-onalik burchingizni ado eting!
MUXLISA
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






