AsosiySUG'DIYONA

HOMILADORLIKDA YOD ETIShMASA…

'HOMILADORLIKDA YOD ETIShMASA…'ning rasmi

Homila normal rivojlanishi uchun homilador ayol organizmi barcha kerakli oziq moddalar, shuningdek, vitamin va minerallarga muhtoj bo`ladi. Yod shunday muhim mikroelementlardan biriki, usiz homilaning normal rivojlanishi tom ma`noda imkonsiz. Sahifamiz eksperti akusher-ginekolog Fazilat TOShPO`LATOVA yodning homila va bo`lajak onaga qanchalik kerakligi haqida ma`lumot beradi.

Yod nima uchun kerak?

Yod qalqonsimon bez gormonlarining faol qismi hisoblanib, organizmimizda energiya ishlab chiqarilishi va tarqalishi uchun «javobgar». Homila yoki bir yoshgacha bo`lgan bolalarda yod, aniqrog`i, qalqonsimon bez gormonlari yana bir qancha muhim vazifalarni bajaradi:

  • Skeletning o`sishi va rivojlanishi. Ko`p sonli tadqiqotlarning ko`rsatishicha, bu bola organizmining yod ta`minotiga to`g`ridan-to`g`ri bog`liq.
  • Tadqiqotlarning ko`rsatishicha, bola asab tizimi va intellektining rivojlanishi ham qalqonsimon bez gormonlariga bog`liq. Asab hujayralari va bosh miya kabi a`zolarning rivojlanishi katta energetik yo`qotishlarni talab etadi. Aniqlanishicha, qalqonsimon bezning yod ishlab chiqaruvchi gormonlari modda almashinuvi va energiya ishlab chiqarilishini tezlashtiradi.

Yod etishmayotganini qanday aniqlash mumkin?

Homilador ayol qonida qalqonsimon bez gormonlari konsentrasiyasini aniqlash uchun maxsus qon tahlillarini topshirishi kerak.Aniq tashxis uchun qanqonsimon bezni ultratovushli tekshiruv (UZI) yordamida ham aniqlash mumkin.

Oldini olishga shoshiling!

Bo`lajak bola bosh miyasining shakllanishi bilan bog`liq muhim jarayonlar homiladorlikning birinchi uch oyligi davomida yuz beradi. Lekin homila asab tizimining rivojlanishi homiladorlikning 3-4-haftaligidayoq boshlanadi (bu paytda ayol, hatto homiladorligini bilmasligi ham mumkin) Shuning uchun mutaxassislar yod etishmovchiligining oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirish davridayoq harakat qilishni tavsiya etishadi. Zamonaviy tibbiyotda yod etishmovchiligining oldini olish uchun vitamin-mineralli preparatlar qo`llaniladi.

Yod etishmasa nima bo`ladi?

Homilaga ta`siri...

  • homilaning o`z-o`zidan tushishi. Homiladorlikning dastlabki 12 haftasida (hali homilaning qalqonsimon bezi va yo`ldosh shakllanmaganda) homila onaning qalqonsimon bezi gormonlari hisobiga yashaydi va rivojlanadi. Agar ayolning qalqonsimon bezida o`zgarishlar bo`lsa va bolaga qaysidir gormonlar etishmasa, homiladorlikning yakun topish xavfi yuzaga kelishi mumkin;
  • tug`ilajak bola defektlari (aqliy etishmovchilik). Homiladorlik davrida bolaning aqliy rivojlanishi va asab tizimi rivoji sust kechadi. Agar bu paytda u qalqonsimon bez gormonlarini etarli miqdorda ololmasa, uning aqliy rivojlanishi sekinlashadi;
  • bolada qalqonsimon bez kasalliklari. Go`dakning qalqonsimon bezi homiladorlikning ikkinchi uch oyligida shakllanadi. Agar bu davrda unga kerakli mikroelementlar (jumladan, yod) etishmasa, bu tug`ilganidan so`ng qalqonsimon bez etishmovchiligiga olib kelishi mumkin;
  • ona va bolada moda almashinuvining buzilishi, ortiqcha vazn.
  • jizzakilik, tushkunlik, uyºuchanlik, lohaslik;
  • bosh og`rig`i, xotira yomonlashishi, aqliy salohiyatning susayishi;
  • arterial qon bosimining tushishi va gipotireozning boshqa belgilari;
  • immunitet susayishi;
  • quruq yo`tal, yutinishda qiynalish, bo`g`ilish xurujlari.

²omilador ayolga ta`siri...

  • bosh aylanishi, serzardalik, lanjlik. Shuningdek, homiladorlikda yod etishmasligi kuchli toksikoz ko`rinishida ham namoyon bo`ladi;

Maslahatlar

  • Yod etishmovchiligining oldini olish uchun yodga boy oziq mahsulotlardan ko`proq iste`mol qiling.
  • Yodlangan tuz alohida e`tibor talab qiladi. Avvalo yaroqlilik muddatiga e`tibor bering. Chunki u odatda uch oydan oshmaydi. Muddati o`tgan tuz tarkibida yod bo`lmaydi.
  • Yodlangan tuz shaffof polietilen paket yoki folgaga qadoqlangan bo`lishi va uni qopqog`i mahkam yopiladigan idishda saqlash kerak.
  • Mahsulotlarni eng oxirida, tayyor bo`lganda tuzlang. Chunki yuqori haroratda yod tez «uchib» ketadi.
  • Biroz nam tortgan yoki ochiq holda qoldirilgan tuzdan ham yod «uchib» ketishi mumkin.
  • Meva-sabzavotlardan ko`proq iste`mol qiling. Qolaversa, baliq, dengiz mahsulotlari, dengiz karami, xurmo, bulg`or qalampiri ham yodga boy.
  • O`z bilganingizcha davolanmang. Bu, bir tomondan, qalqonsimon bezning turli buzilishlariga sabab bo`lishi mumkin. Ikkinchidan esa bu preparatlarni noto`g`ri qabul qilish yod tanqisligi muammosini bartaraf etmaydi.
  • Tarkibida yod bo`lgan preparatlarni qabul qilishdan oldin qalqonsimon bez ko`ngildagidek ishlayotganiga ishonch hosil qilish lozim. Chunki qalqonsimon bez faoliyati kuchaygan bemorlarga tarkibida yod bo`lgan preparatlar iste`moli taqiqlanadi.

Nilufar VAHOBOVA yozib oldi

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi

Boshqa yangiliklar