«BOLALARINI TAShLAB KETGAN ONA ALIMENT SO`RASA...»
Farzandlarimdan xotinimning egri qadam tashlayotgani haqida bilib qoldim. Xullas, turmushimiz bo`lmay, ajrashdik. U ikki norasidani tashlab chet elga jo`nab ketdi. Uch yildan beri bolalarim men bilan yashashadi, moddiy ta`minoti ham tabiiyki mening zimmamda. Ammo sobiq xotinim «safar»dan qaytib, sudga murojaat qilibdi, farzandlarimni unga olib berish va ularga aliment belgilanishini talab qilib. Ne ajabki sud ham uning da`vosini qanoatlantirdi. Biroq bolalarim hamon men bilan yashashadi, onasining oldiga borgisi yo`q. Aliment to`lovini bekor qilishni so`rab, ikki marta sudga ariza berdim. Farzandlarim men bilan bo`lishsa, aliment to`lashim to`g`rimi? Biroq sud ikki safar ham arizamni rad etdi. Aliment undiruvi tayinlanganidan so`ng o`n kun ichida qarshi da`vo talabini keltirishim kerak ekan. Men esa keyinroq uchrashgandim. Endi aliment to`lovini bekor qilib bo`lmaydimi?
Xasan Dadaev, Samarqand viloyati, Toyloq tumani
Voyaga etmagan bolalariga aliment to`lash va ularga ta`minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga etmagan bolalar uchun aliment undirish sud buyruq chiqarish tartibida amalga oshirilib, ushbu sud buyrug`iga qarzdordan qarshi e`tirozlar kelib tushsa, sud tomonidan buyruq bekor qilinib, aliment undiruvi da`vo ishlarini yuritish tartibida ko`rib chiqiladi. Voyaga etmagan bolalarning ta`minoti uchun aliment, bola ota-onaning qay birining tarbiyasida bo`lsa, shu ota-onaning foydasiga undiriladi.
Sizning sud buyrug`ini bekor qilish haqidagi arizangiz rad etilgan bo`lsa, ushbu sud hujjati yuzasidan yuqori turuvchi sudga shikoyat keltirishingiz mumkin.
Ota-onalar birga yashamaganida, voyaga etmagan farzandlar qay birining tarbiyasida qoldirilishi haqidagi da`vo sud tomonidan hal etilayotganda, voyaga etmagan bolalarning manfaatidan kelib chiqib hamda mutaxassislar fikriga tayanib, agar bola 10 yoshdan oshgan bo`lsa, uning ham fikri inobatga olingan holda hal etiladi. Bolalaringizni onasining tarbiyasida qoldirilganliklaridan norozi bo`lsangiz, sudning bu qarori ustidan 20 kun ichida apellyasiya, 1 yil ichida kassasiya, 3 yil ichida nazorat tartibda yuqori turuvchi sudga shikoyat keltirishingiz mumkin.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






