Statistik ma`lumotlarga ko`ra, papilloma virus infeksiyasi eng keng tarqalgan kasalliklardan biri sanaladi. Ko`pchilik uni so`gal yoki xol bilan adashtiradi. Aslida esateri ustki qavatida yuzaga kelganbu hosila jiddiy asoratlarga olib kelishi ham mumkin. Xo`sh, papillomani xol yoki oddiy toshmadan qanday farqlash mumkin? Davosi bormi? Bugun shu haqida suhbatlashamiz.
Mutaxassis – shifokor dermato-venerolog Rustam ZOKIROV
BU QANDAY XASTALIK?
Papilolloma virusli kasallik bo`lib, bemordan sog`lom odamga yuqishi bilan ifodalanadi. Uning oddiy so`galdan to genital kandiloma kabi 100 dan ortiq xili mavjud. Ayrim ko`rinishlari esa onkologik xastaliklarni ham keltirib chiqaradi. Jumladan, ayollardagi bachadon bo`yni saratonida papilloma virusi ko`p bor aniqlangan.
QANDAY YuQADI?
Qo`l yoki bo`yin, yuz qismida papilloma toshmasi bo`lgan bemor bilan quchoqlashib ko`rishasiz, hosila mavjud teri qavatiga qo`lingiz tegadi. Ana shu holatda terining bir-biriga ishqalanishi sodir bo`lib, virus infeksiyasi yuqadi.Shu bilan birga bemor artingan sochiq, shaxsiy gigiena vositalari, taqinchoqlar, sharf yoki qo`lqopdan foydalanish ham virus yuqishiga olib kelishi mumkin. Virus ta`sirining faollashishi imunitetga bog`liq. Immun tizimi chiniqqan odamlarda papilloma 10-15 yildan keyin ham yuzaga chiqishi mumkin. Aksi bo`lganida esa 2-3 haftalarda virus faollashishi kuzatiladi. Jinsiy a`zolarda kelib chiqqan papilloma esa jinsiy yaqinlik vaqti er-xotindan bir-biriga yuqaveradi. Shu bois kasallik aniqlanganida juftliklarning ikkisi ham har ehtimolga qarshi tibbiy ko`rikdan o`tishi tavsiya etiladi.
KIMLARDA UChRAYDI?
Xastalikda yosh ko`rsatkichi mavjud emas. Go`daklardan to katta yoshlilargacha virus yuqtirib olishi mumkin. Aksariyat hollarda papilloma bolaning kichikligida so`gal yoki teri ustki hosilasi sifatida paydo bo`ladi. Ammo «teginib bo`lmaydi»qabilida ish ko`rilgani bois virus o`z xolicha qolib ketadi. Organizm ulg`aygani sayin papilloma ham kattalashaveradi. Shuning uchun ham ko`proq kattalarda uchraydi, degan tushuncha bor.Aslida esa vaqt o`tishi bilan rivojlanib, ko`zga tashlanib qoladi, xolos.
QAYSI SOhADA KO`PROQ?
Papillomaning keng tarqalgan ko`rinishi bo`yin sohasida uchraydi. Mayda, toshma singari xili bir qarashda xoldek ko`rinishi mumkin. Aslida esa virus infeksiyasi bo`ladi. Bunda pappiloma hosilasi uchli, bir-biriga tutashgan yoki alohida ko`rinishda bo`ladi. Shu bilan birga qo`l kaftining ustki qismida yassi so`gallar, yuzda, ko`z qovoqlari, qo`llarda, tovondaham kuzatilishi mumkin.Papillomada (agar u teri ishqalanish sohasida bo`lmasa) jiddiy bezovtalik bo`lmaydi. Shuning uchun ham bemor organizmidagi o`zgarishlarni sezmay qoladi.
BITTADAN TOShADIMI YoKI BIR NEChTAMI?
Asosiy gap immunitetga bog`liq. Agar immun tizimingiz pand bermasa, virus ko`paymaydi. Hatto o`z-o`zidan so`rilib ketishi ham mumkin. Immunitet sust bo`lganida esa hosila kattalashishi yoki yon atrofiga tarqashi ehtimoldan xoli emas. Bo`yinda yuzaga kelgani libos yoqasi yoki sharf bilan ta`sirga kirishib, ustki qismi ishqalanadi. Shuning hisobiga papillomada zararlanish, tilinish yoki qonash kabilar yuzaga kelishi mumkin. Bu esa virusning ko`payishi uchun zamin yaratadi.Bo`yin, qo`ltiq osti, ko`krak sohasidagi papillomalar ham teri ishqalanishi hisobiga tez ko`payadi.
HOMILADORLIKDA DAVOLAB BO`LADIMI?
Bu davrda ayolning immun tizimi anchayin sustlashib qoladi. Shunga ham shamollash, surunkali kasalliklarning avj olishi kuzatilishi mumkin. Ma`lumotlarga ko`ra, homiladorlarda papillomaning genital a`zolarga toshishi ko`proq kuzatiladi. Bunda virus qon orqali homilaga yuqmaydi. Ammo tug`ruq yo`llariga tarqashi mumkin. Xavfli tomoni esa tug`ruq jarayonida bola terisi bilan ta`sirlanib, uni ham zararlaydi. homiladorlarda aniqlangan papillomani lazer apparati yordamida davolash mumkin. Biroq muolaja birinchi uch oylikdan so`ng bajariladi.
VIRUS TOShMASINI EKTIRISh ShARTMI?
Bu savolga dermatolog shifokor ko`rigidan so`ng javob olish mumkin. Malakali mutaxassis ko`rik chog`i toshma xili, holati va o`lchamiga ko`ra, gistalogiya qilinadimi yoki yo`qmi aniqlay oladi. Agar biror ikkilanish bo`lsa, aytaylik hosila usti, atrofi qizargan, shishgan yoki biror ajralmalar kuzatilsa, olib tashlaganidan so`ng ektirish uchun yo`naltiriladi. Genital sohadagi kandilomalarda esa surtma (jinsiy a`zo, qinda bo`lsa) olinadi, onkogen hamda gistalogiya tahlil tekshiruvlariga yuboriladi.
MUOLAJA USULLARI: QAY BIRI AFZAL?
Shifokor ko`rigidan so`ng papillomani olib tashlash uchun muolaja usullari tanlanadi. Bunda kimyoviy va ishqorli preparatlar, quyuq azotli kreodistruktor hamda elektrodlar ta`sirida kuydirib olib tashlash muolajalari qo`llanilishi mumkin. Bugungi kunda eng samarali usullardan biri sifatida e`tirof etilayotgani esa lazerli muolaja hisoblanadi. Bunda papilloma hosilasi lazer nuri yordamida kuydiriladi. Afzalligi terishikastlanishi nisbatan kam va nojo`ya ta`sirlari yo`q.
KEYIN HAM DAVOLANILADIMI?
Papilloma olib tashlangach, bemor ikki haftada, so`ng bir oyda bir marta tibbiy ko`rikdan o`tishi lozim. Qolaversa, immunitetni mustahkamlovchi, viruslarga qarshi dorilar buyuriladi. AFSUSKI, ShU KUNGA QADAR PAPILLOMA VIRUSINI BUTUNLAY DAVOLAShGA MO`LJALLANGAN PREPARAT IShLAB ChIQILMAGAN.Virus borligi bir marta aniqlangach, muolajadan keyin ham organizmda saqlanib qoladi. Qachonki immunitet sustlashsa, u yana faollashishi mumkin.
TERIDA O`ZGARISh BO`LMAYDIMI?
Muolaja yakunlangach, zararlangan teri ustki qavatida ba`zi o`zgarishlar kuzatilishi mumkin. Ammo bular vaqtinchalik holat. Kuydirilgan toshma o`rnida po`stloq hosil bo`lib, asta-sekinlik bilan qurib tushadi. (bu vaqtda muolaja qilingan teriga suv tegmasligi lozim.) So`ng teri qatlamida pigmentasiya yuz beradi. Papilloma o`lchami katta bo`lganida esa terida chandiq qolish ehtimoli bor.
UY ShAROITIDA OLIB TAShLASh MUMKINMI?
Kimdir papillomani pinset yordamida olib tashlash, boshqasi qoncho`p (chistotel) eritmasidan foydalanish kabilarni tavsiya etadi. Aslida esa har qanday teri ustki toshmasi faqat mutaxassis nazoratida davolanishi kerak. Uyda xalqona usullardan foydalanish, teri zararlanishi, toshma ko`payishiga olib kelishi mumkin. Jiddiyroq aytganda, pappiloma o`simtaga aylanish ehtimolini keltirib chiqarish hech gap emas.
Nomi vahimaga solgani bilan papilloma – davosi bor va o`z vaqtida muolaja qilinishi kerak bo`lgan kasallikdir. Qolaversa, sog`lig`ingiz ehtiyotini qilib, yaqinlaringiz, oila a`zolaringizning ham salomatliklarini himoyalagan bo`lasiz.
Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.