Qani endi bolangiz sizni hech javratmay o`zi yuz-qo`lini, tishlarini yuvsa, yotgan o`rnini yig`ishtirsa... Bu aksar ota-onalar uchun bir orzudek. Aslida, bolani ozodalikka o`rgatish qiyin ish emas. Muhimi, o`sha o`rganadigan paytini o`tkazib yubormaslik, shaxsiy ibrat ko`rsatish va bolaga nisbatan to`g`ri usulni topish.
Sababi nima?
Nega bolalarimiz ozodalikka o`rganishmaydi? Chunki ko`pincha ularning ozodaligi bilan o`zimiz shug`ullanamiz. Burni oqayotgan bo`lsa, bir necha bor «art» deb o`ziga artirish o`rniga o`zimiz dastro`molni olib shartta shu ishni qilib qo`yaqolamiz. Boshqa ishlarda ham shu. Natijada bola o`zi hech nima qilmaslikka o`rganadi. Agar sabr qilsangiz, bola, mayli, epchillik bilan bo`lmasin, mayli siz istagan darajada bo`lmasin, lekin o`zi shu ishni qiladi. Demak, birinchi shart, bolaga o`zi qilib ko`rish imkonini bering.
Bolakay atrofga sizning emas, o`zining nazari bilan boqadi. Uning uchun qo`llari kir emas, kiyimiga tekkan dog`ni balki umuman payqamayotgandir, chunki bundan muhimroq ish bilan mashg`ul, dunyoni taftish qilayapti va anglayapti. Uning uchun moshinachasining g`ildiragi shig`illashi yoki qo`g`irchog`ining qo`ng`ir sochlarini turmaklash muhimroq. Siz esa asabiylashib, bola ahamiyatsiz shu ishini qo`yishini va istaganingizdek ozodalik bilan shug`ullanishini talab qilayapsiz. Unda nima qilish kerak? Asta-asta o`rgatib, buni odat darajasiga ko`tarib borish lozim. Sportchilarni qarang, har bir harakatlarini tinimsiz mashg`ulotlar yordamida maromiga etkazadilar. Siz ham shunday, oz-ozdan, lekin har kuni ozodalik mashqini o`tishingiz lozim.
Qanday amalga oshirish mumkin?
Bolalarga ozodalikni yoqtirish kerak. Cho`milib chiqqach, xushbo`y hid taratishi, terisining yaltirashi naqadar yoqimli ekanini qayta-qayta ta`kidlang, kichkintoyga shu holatdan lazzatlanishi uchun sharoit yarating.
Qizaloqlar kichkinaligidanoq chiroyli kiyimlarni yaxshi ko`rishadi: lentalar, bantchalar, taqinchoqlar, bejirim poyafzal. Iflos kiyim qanaqasiga chiroyli bo`lsin? Agar kattalar: «Naqadar chiroyli va ozoda qiz ekan!», deb maqtasalar, qizaloq qanchalar xursand bo`ladi? Xullas, chiroyli ko`rinish qizlarni sarishtalikka undovchi rag`bat bo`lishi kerak. Qizingizga kiyimlarini ozoda saqlashni o`rgating, qanday taxlashni, shkafga ilishni, dazmollashni ko`rsating, o`zi uchun maxsus oyna, taroqlar sotib olib bering. Shuningdek, u o`z navbatida qo`g`irchoqlarini ozodalikka o`rgatishi mumkin, unga shunday o`yin g`oyasini bering.
O`g`il bolalar bilan, albatta, qiyinroq. Bu erda to`g`ri taktika qo`llash kerak. Asosiy dastagingiz: ozoda bola bilan gaplashish, muloqot qilish yoqimli. Ko`chada iflos kiyimda yurgan odamlarni ibrat qilib ko`rsating, ozoda bo`lmagan insonning ishi yurishmasligi, muvaffaqiyatga erisholmasligi, falonchi kabi mashinasi, chiroyli uylari bo`lmasligini ayting (o`g`il bolalar yoshligidanoq mashina haydashni, uy qurishni orzu qiladilar-ku). Shuningdek, mavzuga doir multfilmlar, kitoblardan ham foydalaning.
Shaxsiy ibrat
Yana shaxsiy ibrat masalasini ko`taramiz. Tarbiyani busiz tasavvur qilish mumkin emas. O`zingiz ozoda bo`lmaganingiz holda bolangizdan buni qanday talab qila olasiz? Talab qilganingiz bilan, amalga osharmidi? Bola yoshligidanoq ota-onasiga o`xshashni orzu qiladi. Ana shu taqlid davrida bolaga shaxsiy ibrat orqali tozalik o`gitlarini singdirib borish mumkin. Іamma ishni birgalikda qiling: «Yur, qo`llarimizni yuvib kelamiz», «Kettik, tishlarimizni yuvamiz», «Men uy supuraman, sen changlarni artib turasanmi?» Bu bilan siz kichkintoyga katta bo`lib qolganini ko`rsatasiz, bu ularga yoqadi. Katta bo`lishni qaysi bola istamaydi, deysiz.
Va albatta, bolani ozodalik yo`lida qilgan har bir xatti-harakatini maqtang, e`tirof eting. Uning mayda muvaffaqiyatsizliklariga, ko`ngildagidek amalga oshmagan ishlariga nisbatan sabrli bo`ling. U birdaniga ozoda bo`lib qolmaydi, ammo sarishta bo`lish yaxshi ekanini kundan-kunga ko`proq sezib boradi.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.
Manba: «Sug’diyona» gazetasi