AsosiySUG'DIYONA

Kitob o`qishning 15 foydasi

'Kitob o`qishning 15 foydasi'ning rasmi

Hozir kitob hamda mutolaa mavzusida ko`p va xo`p gapirilayapti. Balki bu gaplar joningizga ham tegib ulgurgandir. Shunday esa-da biz ham kitobxonlikni rivojlantirishga o`z hissamizni qo`shishga qaror qildik. Negaki, 23 aprelButunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni. Demak, bahona bor, aytadiganlarimiz ham yo`q emas.

1. Asabiylikka barham beradi

Asabiylashsangiz musiqa eshitib, ko`chada sayr qilasizmi? Buning o`rniga kitob o`qib ko`ring. Tadqiqotlarga qaraganda, 10 daqiqalik mutolaa asabiylikni ikki baravar kamaytirarkan.

2. Uyqusizlik qiynamaydi

Kitob o`qish tinchlanish va uyquga hozirlik ko`rishning eng yaxshi usuli. Telefon yoki televizorning yorqin nuri miyamizga uyg`onish uchun signal beradi. Tungi chiroq ostida kitob o`qish esa miyani dam olishga tayyorlaydi.

3. Ko`nglingiz yumshaydi

Mutolaa davomida asar qahramonlari kechinmalari bilan yasharkansiz, uning dardiga sherik bo`lasiz. Oqibatda real hayotda ham insonlarni yaxshiroq tushuna boshlaysiz.

4. Miyani charxlaydi

Buni-ku endi yoshlikdan bilasiz. Eng zamonaviy kopyuter diagnostikasi uskunalari ham kitob o`qigach, bir necha kun mobaynida inson miyasidan nerv tolalari soni fiziologik darajada ko`payishini tasdiqladi.

5. Kurashishga o`rgatadi

Psixologiyaga oid kitoblarni o`qish tushukunlikdan chiqishga, maqsadlar sari kurashishga yordam beradi.

6. Chiroyingizni ochadi

Yuqori aqliy salohiyat atrofdagilarning e`tiborini tortmay qolmaydi. Har qanday mavzuda suhbatlasha olishingiz sizni boshqalardan ko`ra maftunkor ko`rsatadi.

7. Maqsadlaringizni belgilashga ko`mak beradi

Qahramonlarning erishgan yutuqlari sizni ilhomlantirishi aniq.

8. Ijtimoiy faol bo`lasiz

Kitob o`qiganlar madaniy va ma`rifiy tadbirlarda faolroq ishtirok etishini statistik ma`lumotlar tasdiqlaydi.

9. Xatosiz yoza boshlaysiz

Kitob o`qiganlarning yozishmalari xatosizligi bilan ko`zni yayratishi sir emas.

10. Xorijiy tillarni o`rganishga yordam beradi

Muntazam mutolaa yangi materiallarni tushunish va eslab qolishga yordam beradi, ayniqsa, chet tillarini o`rganishda bu qo`l keladi.

11. Ijodiy salohiyatingiz o`sadi

Kitob o`qimay tuzukroq qo`shiq kuylagan, musiqa yozgan, rol ijro etgan, rejissyorlik qilgan kimni taniysiz? Xulosa chiqaravering.

12. Farzandlaringiz bilan munosabatlaringni yaxshilaydi

Ota-onalar farzandlariga kitob o`qib berarkan, ularning o`rtasida shunday mustahkam rishtalar paydo bo`ladiki, buni birgalikda televizor ko`rish yoki boshqa ko`ngilochar tadbirlarni tomosha qilish bilan solishtirib bo`lmaydi, deydi ruhshunoslar.

13. Boy bo`lasiz

Kitob o`qiganlar ichida boylarning ulushi o`qimaydiganlarga nisbatan bir necha karra ko`p.

14. Jinoyatning oldini oladi

Kitob o`qiganlar ichida jinoyatchilar kam. Qamoqxonalarda mutolaani boshlagan jinoyatchilar esa qayta qing`ir yo`lga qadam tashlamasliklari ham o`rganilgan.

15. Nutqingiz rivojlanadi

Birovlarning hayoti haqida o`qirkansiz, o`z fikringizni ham tiniq bayon etishga o`rganasiz. Keraksiz axborotlarni filtrlash, gapingizni birovlarga uqtirishingiz oson kechadi. So`z boyligingiz oshadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar