Prezident Shavkat Mirziyoyev qashshoqlikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishida daromad topish imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar qashshoqlar reestridan chiqarilishi, ularni to‘liq davlat qo‘llab-quvvatlashi kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda kelgusi yildan “Teng imkon – inklyuziv bandlik” loyihasi yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan 40 ming nafar shaxsni ish bilan ta’minlash, ularga Bandlik jamg‘armasi orqali 30 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish rejalashtirilmokda.
Qashshoqlikka qaytish xavfi bo‘lgan oilalar ijtimoiy yordamlardan maxrum etilmaydi. Ularga 6 oy davomida moddiy yordam va bolalar nafaqasi to‘lanadi, shuningdek bog‘cha, to‘garak xarajatlari hamda davolanish orderi kabi 110 turdagi xizmatdan 12 oy davomida qo‘shimcha foydalanish imkoniyati beriladi.
Shu bilan birga, og‘ir hayotiy vaziyat tufayli qashshoqlikka tushishi mumkin bo‘lgan oilalarni oldindan aniklab, manzilli yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.
Ushbu vazifalar ijrosi hamda hududlarda uning samaradorligini ta’minlash Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktoriining birinchi o‘rinbosari Shahnaza Mirziyoyeva yuklatildi.






