Markaziy bank Rivojlantirish va o`rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosatini amalga oshirish konsepsiyasini taqdim etdi, deb yozmoqda Norma.
Konsepsiyada nazarda tutilishicha, narx oshishi sur`atini pasaytirish va barqarorlashtirish davlat iqtisodiy siyosatining muhim ustuvorliklaridan biri bo`lib qolishi kerak. Inflyasiyaning barqaror past darajasi iqtisodiy rivojlanish omili bo`ladi, aholi va yuridik shaxslar qo`yilmalarining uzoq muddatli investisiyalarga yo`naltirilishi uchun zarur sharoitlarni yaratish vositasiga aylanadi.
Milliy valyutaning barqarorligi almashtirish kursini erkin shakllantirish sharoitida uning ichki xaridorgirligini qo`llab-quvvatlash orqali ta`minlanadi. Boshqacha aytganda, to`lov balansi bilan bog`liq tashqi zarbalar yoki qiyinchiliklar yuz bergan sharoitda almashtirish kursining mos ravishda o`zgarishi eksport qiluvchilar va import o`rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchilarni rag`batlantiradi.
Bir vaqtning o`zida, Markaziy bankning pul-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi ustuvor maqsadi aniq belgilanishi va ikki xil talqin qilinishiga yo`l qo`ymaslik uchun amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o`zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Ta`kidlash joizki, narx barqarorligi nolga teng yoki salbiy inflyasiyani nazarda tutmaydi. Narx barqarorligi deganda iste`mol narxlarining o`zgarmasligi emas, balki biroz oshishi tushuniladi. Bir qarashda, narxlarning doimiy o`zgarmay turishi eng yaxshi shartdek tuyuladi, biroq inflyasiyaning past va ijobiy barqaror darajasi iqtisodiyotning samarali yuritilishi uchun eng qulay sharoit hisoblanadi.