1

Shoazim Munavvarov: Hozirda dunyo bo`yicha Sharq merosiga bo`lgan qiziqishi tobora ortib boryapti

Madaniyat 31.05.2018, 16:21
Shoazim Munavvarov: Hozirda dunyo bo`yicha Sharq merosiga bo`lgan qiziqishi tobora ortib boryapti

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 6-8 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “O`zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro Kongressi o`tkaziladi.

Kongressda O`zbekiston va xorijiy mamlakatlar olimlari, ekspertlari, diplomatlari, davlat va jamoatchilik arboblari ishtirok etishi kutilyapti. Ular orasida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizasiyasi markazi direktori Shoazim Munavvarovham bor. Kutilayotgan yirik madaniy tadbir oldidan olim shunday deydi:

— 6-8 iyun kunlari Sankt-Peterburgda bo`lib o`tadigan “O`zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” xalqaro anjumanida 30 dan ortiq mamlakatlardan 200 ga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilyapti. Anu shu omilning o`ziyoq O`zbekistondagi diniy –amaliy-ma`rifiy merosga qaratilayotgan e`tibor butun dunyoni qanchalik qiziqtirayotganidan dalolat.

Ma`lumki, O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizasiyasi markazi tashkil etildi. Ularning asosiy vazifalari qilib o`tmish merosini o`rganish, ularni targ`ib qilish, saqlash va islom dinining asl mohiyatini xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga etkazish vazifalari qo`yildi.

Madaniy merosimizning juda katta qismi chet ellardagi muzeylarda turli tarixiy sabablarga ko`ra saqlanib kelinyapti. Mana shu merosimiz bilan xalqimizni tanishtirish borasida shu kungacha Kongress tashkilotchilari, ishtirokchilari tomonidan katta ishlar amalga oshirildi. 10 tomdan ortiq to`plamlar nashr etildi va xalqqa, tashkilotlarga tarqatildi. Bu juda katta amaliy ish. Endilikda bu ishlarni davom ettirish maqsadida navbatdagi Kongress tashkil etilmoqda. O`ylaymanki, bu gal ham ko`zlangan maqsadlarga erishiladi va muvaffaqiyatli o`tadi.

Mart oyida Londonda bo`lib qaytdik. Shunda Buyuk Britaniya parlamenti a`zosi Muhammad Iltaf Shayx janoblari biz bilan uchrashuvda: “Imom Buxoriy avlodlari, ya`ni hozirgi o`zbeklar Buxoriy asarlarini nashr qilish, sharhlash va tarqatishning ma`naviy huquqiga birinchi navbatda da`vo qila oladilar. Va shunga munosiblar”, degan fikrni bildirdilar.
Jahon bo`yicha hozirda Sharq merosiga, qo`lyozmalariga bo`lgan qiziqish tobora oshib boryapti. Shunga munosib ravishda respublikamizda ulkan ijobiy ishlar olib borilyapti. Bu ishlar haqida biz Kongress davomida ishtirokchilariga ma`lumot taqdim qilish niyatidamiz.

Kongress dasturiga yana bir g`ayrioddiy tadbir kiritilgan. Bu Sankt-Peterburgda Buxoro amiri Said Abdulahadxon tomonidan vaqf tarzida qurilgan masjidga tashrifdir. Ochig`i, bu haqda qisqa ma`lumotlarga ko`zimiz tushgan bo`lsada, lekin shu vaqtgacha katta ahamiyat berilmagandi. Masjidni yaqindan o`rganish, uning me`moriy jihatlarini ko`rib chiqish masalasi qo`yilmagan edi. Mana endi ana shu kamchilikning o`rni to`ldiriladi. Chunki nima bo`lganda ham masjid ham bizning o`tmishdagi merosimiz hisoblanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1