1

​Chechenistonni zabt etayotgan o`zbek me`morlari (intervyu)

Madaniyat 05.09.2018, 10:54
​Chechenistonni zabt etayotgan o`zbek me`morlari (intervyu)

Checheniston Respublikasining poytaxti Grozniy shahrida bir masjid barpo etilmoqda. Ushbu masjid o`zbekistonlik me`morlar tomonidan loyihalashtirilgan bo`lib, u qadimiy o`zbek masjidlari uslubida bo`ladi. Bu xabarni o`qigan hamyurtlarimizda “o`sha o`zbekistonlik me`morlar kim ekan?”, degan savol paydo bo`lishi, tabiiy. Biz bu savolga javob topdik. Markaziy Osiyo islom me`morchiligi, xususan, O`zbekiston me`morlik san`atini dunyoga tanitishga hissa qo`shib kelayotgan me`morlardan biri bilan suhbatlashdik.

Tanishing: Kamoliddin ALIEV, 1986 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. U Zargarlik bilim yurtini tamomlagach, Malayziyada Sharq me`morchiligi bo`yicha tahsil olgan. Bir necha yillardan so`ng Chechenistonda dizayner, me`mor sifatida faoliyatini boshlagan.


— Ayni paytda Chechenistonda o`zbek masjidlariga o`xshatib qurilayotgan masjid haqida batafsil so`zlab bersangiz.

— Darhaqiqat, hozirgi kunda Chechenistonning Shali shahrida masjid barpo etmoqdamiz. O`zbekistonlik me`morlardan iborat «Niyso Art Dizayn» studiyasi, taniqli o`zbek arxitektori Abduqahhor Turdiev bilan hamkorlikda ushbu masjid loyihalashtirildi. Checheniston hukumati tomonidan bizga ushbu masjidni qurish taklifi berildi. Bu masjidning me`moriy uslubi aynan Markaziy Osiyo me`morchilik uslublari asosida bo`lishi kerakligi aytildi. Ular O`zbekistonga – Samarqand, Buxoro, Toshkentga kelishganida tarixiy me`moriy obidalarimiz, masjidlarimizni ko`rib, havas qilishgan va bizning me`moriy uslublarimiz asosida masjid qurishni maqsad qilishgan ekan. Masjid 10-12 ming kishiga mo`ljallangan. Har biri 63 metr bo`lgan to`rt minoraga va balandligi 43 metr bo`lgan qubbaga ega bo`ladi. Bugungi kunda masjidning asosiy karkasi qurib bitkazilgan, ichki va tashqi pardoz ishlari davom etmoqda. Shaxsan men ushbu masjidning dizayn-grafika ishlarini bajardim. Unda o`zimizning milliy naqsh elementlarimizdan, geometrik shakllarimizdan foydalandim. Shu bilan birga, Chechenistonning Benoy tog`i hududida ham bir masjid barpo etganmiz.

— Checheniston me`morchiligi bilan bizning me`morchiligimiz o`rtasida qanday farqlar bor?

— Chechenistonda me`morchilik bizchalik rivojlanmagan. Ularda ustalar asosan, toshga ishlov berishadi. Chunki mamlakat tog`li hududda joylashgan. Naqsh solish, islomiy imoratlar qurish hamrivojlanmagan.

— Ishlaringizga nazar solsak, imoratlar deyarli hammasi hashamatli, saroysifat... Yo`nalishingiz shundaymi?

— Ha, yo`nalishimiz hashamatli, saroylarga xos imoratlarni yaratish. Sohamizda buni “laksheri” (inglizchada “luxury” — hashamat), “barokko” yoki islom dizayni deymiz. Shu uch uslubda ishlaymiz. Bulardan eng murakkabi islom dizayni. Chunki u geometriya va matematikaga asoslangan. Har bir naqshning o`z ma`nosi bor. Unda ishlatish mumkin bo`lgan va ishlatish mumkin bo`lmagan naqshlar va girihlar bor. Men shu jihatlarga e`tiborli bo`lib, bor an`anadan unumli foydalanishga harakat qilaman.

— Kasbingiz go`zallik yaratishdan iborat. Bunga qobiliyat, keng tasavvur va albatta, ilhom kerak bo`ladi. Nimalardan ilhom olasiz?

Bolaligimda Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlariga ko`p borardim. Har borganimda hayratlanib, g`ururlanib ketardim. Ayniqsa, Go`ri Amir maqbarasidagi“stalaktit”lar, ya`ni muqarnaslar o`sha paytdayoq qilinganiga hayron qolaman. Biz haligacha buni qilolganimiz yo`q. Bu haqiqiy durdona ish. Islom me`morchiligining ko`rki, namunasi bo`lib turgan tarixiy obidalarimiz usluban, shakl va bezak ishlari jihatidan deyarli bir-birini takrorlamaydi. Har gal ularga qaraganimda qalbimda qadim inshootlarning ruhini, salobatini his qilaman. Xullas, shu Vatanimiz, shu obidalarimiz ilhom manbaim, desam adashmayman.

— Qo`lingizdan yana nimalar keladi?

Malayziyada dastlab bir me`morchilik kompaniyasida ishlaganimda, ishdan bo`sh paytlarimda o`zim restoran sohasiga qiziqqanim uchun restoran ochib, oshpazlik ham qilganman. O`zbek milliy taomlari, Malayziya va Evropa taomlarini tayyorlardik. Shuningdek, marketing sohasida ham ishlaganman.

— Eng asosiy maqsadingiz nima?

— Maqsadim – Vatanim uchun o`zimdan nimadir qoldirish. Yaxshi nom, yaxshi ishlarim qolsa, deyman. Ayni damda qilayotgan ishlarimizdan xursand bo`ladiganim bu — biz milliy me`morchilik san`atimizni, o`zimizning naqshlarimizni, bezak usullarimizni chet davlatlarga tanityapmiz. Dunyoning qaysi burchagida biror imorat qurmaylik, u erda o`z bo`lagimizni, madaniyatimiz, milliyligimizning, bir so`z bilan aytganda, O`zbekistonning bir parchasini tashlab kelyapmiz. Bu albatta, tarixda qoladi, ertaga faxrlanib yurishimizga sabab bo`ladi. Asosiy maqsadimiz ham shu.

E`TIROF

Farhod Saidov, “Niyso art dizayn” studiyasining ish yurituvchisi, me`mor:

— Kamoliddin Aliev bilan 10 yildan buyon birga faoliyat yuritamiz. Har bir me`mor, dizaynerning o`z ish uslubi bo`ladi. Ular shu uslubdan chetga chiqmaydi. Lekin Kamoliddin birgina uslub yoki yo`nalish bilan cheklanmaydi. U juda serqirra inson. Ko`p izlanadi, qidiradi, boshlagan ishi ustida qayta-qayta ishlaydi. Agar natijasidan qoniqmasa, unga qancha vaqt, mehnat, mablag` sarflanganiga ahamiyat bermaydi, to o`zi kutgan natijasiga erishmaguncha boshqatdan boshlaydi. Yangilik kiritishga harakat qiladi. Shuning uchun ham u qilgan ishlar hammaga yoqadi va unga talab ham katta.

Kamoliddin bezaklarni marmardan ishlashni, naqsh solishda o`yma, bo`rtma uslublarni ilk bora Chechenistonga olib kirdi. U erdagi ishlab chiqaruvchilar buni ko`rib hayratlanishdi va bizga ham o`rgatinglar, deyishdi.

Darhaqiqat, o`zbek me`morlari qurayotgan imoratlar tarixda qoladi, shu bilan birga, ularning quruvchilari ham eslanadi. Biz me`morlarimizga, shu jumladan, suhbatdoshimizga shu tarzda dunyoni zabt etishda davom etishini tilab qolamiz!

Munisa ALIEVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1