1

“Terminal ishlamayapti” degan bahonalar o`tmaydi

Iqtisodiyot 11.12.2019, 16:38
Teglar: terminal, bahona
“Terminal ishlamayapti” degan bahonalar o`tmaydi

“Terminal ishlamayapti” ushbu gap oxirgi paytlarda yana ommalasha boshladi. Bir tassavvur qilib ko`ring, iste`molchi do`konga kirib, o`ziga kerakli bo`lgan mahsulotlarni xarid qilsa-yu, xarid qilingan mahsulotlar pulini to`lash uchun kassa oldiga kelib, plastik kartasi orqali to`lovlarni amalga oshira olmasa. Sabab esa bitta – terminal ishlamayapti!

So`nggi vaqtlarda yuqorida ta`kidlangan holat yuzasidan Davlat soliq qo`mitasi (DSQ) ishonch telefonlariga fuqarolar tomonidan murojaatlar soni oshib bormoqda. Xususan, nazorat-kassa apparatlari tomonidan chek bermaslik, plastik kartalar orqali xarid qilingan mahsulot to`lovini amalga oshirolmaslik holatlari yuzasidan shu kungacha, DSQ ishonch telefonlariga 748 ta shikoyat kelib tushgan, deb yozadi “Soliq plus”  gazetasi.

Barchaga ma`lumki, tadbirkorlar tomonidan plastik kartalarni to`lov operasiyalarida foydalanishdan qochish bankdan tashqari bo`lgan naqd pul aylanmasi hajmining ortishiga olib keladi, bu esa o`z navbatida noqonuniy tovarlar ishlab chiqarish, noqonuniy import hamda savdoga olib keladi. Asosiysi esa ayrim tadbirkorlar tomonidan soliq to`lovlaridan qochish holatlari yuzaga keladi.

Jarimasi bor!

Soliq kodeksining 119-moddasiga ko`ra, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini va (yoki) to`lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo`yicha hisob-kitob terminallarini ishlatish majburiy bo`lgani holda ularni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko`rsatganlik, xuddi shuningdek sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlar, cheklar yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni berish majburiy bo`lgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizasiya qilganlik va xizmatlar ko`rsatganlik — bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 50 baravarigacha (6,7 mln. so`mdan – 11,2 mln. so`mgacha) jarimaga tortiladi.

Agarda mazkur holat qonunbuzar jarimaga tortilgandan so`ng bir yil mobaynida yana takrorlansa, jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravaridan 100 baravarigacha (16,7 mln. so`mdan – 22,3 mln. so`mgacha) etib belgilanadi.

Terminal “yo`qligi” bo`yicha Toshkent peshqadam!

Soliq idorasi xodimlari aholi shikoyatlariga kechiktirmay e`tibor qaratishmoqda. Xususan, idora xodimlari tomonidan doimiy ravishda savdo shoxobchalarida nazorat-kassa mashinalarining mavjudligi hamda ularning ishlayotganligi yuzasidan monitoring ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilda soliq idoralari tadbirkorlik sub`ektlarining plastik kartalarni qabul qilishdan bosh tortish va chek bermaslik bilan bog`liq fuqarolarning 719 ta shikoyatlarini Biznes-ombudsmanga yuborishgan bo`lib, shundan 400 ta shikoyat bo`yicha tekshiruv ishlari amalga oshirildi va jarimaga tortildi.

Terminallar va nazorat-kassa mashinalari bilan bog`liq qonunbuzarliklarning asosiy qismi Toshkent shahrida (81 ta holat) aniqlandi. Ikkinchi o`rinda Andijon viloyati (67 ta), undan keying o`rinlarda Toshkent (62 ta), Xorazm (36 ta), Farg`ona (32 ta) va Namangan (22 ta) viloyatlarida aniqlangan.

Qonun buzishga arziydimi?

Iste`molchi istagan mahsulotini plastik kartalar orqali to`lov qilib xarid qilishlari mumkun va “ishlamayotgan terminal” bunga to`sqinlik qila olmaydi. Tadbirkor uchun kartani qabul qilishdan bosh tortish qanchalik o`rinli? Kassa cheklarini iste`molchilarga bermaslik foydalimi?

Masalan, bitta MChJda iste`molchiga 30 ming so`mga chek berilmagan va nazorat-kassa mashinasiga 535 ming so`m miqdorida summa kiritilmagan. Ammo mazkur holat uchun, tadbirkor 6,7 million so`m miqdorida jarima to`laydi. Boshqa bir MChJ ikkinchi marta qonunbuzarlik holatini sodir etgan va iste`molchining plastik kartasidan 157 ming so`mni echib olishni rad etgan. Buning uchun soliq organlari tomonidan tadbirkordan 22,3 million so`m miqdorida jarima undirib olinadi.

Davlat soliq qo`mitasi fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini va (yoki) to`lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo`yicha hisob-kitob terminallarini ishlatish yuzasidan fuqarolar shikoyatlarini o`rganishda davom etadi.

Yuqoridagi holatlar kuzatilgan vaqtda iste`molchilardan DSQ idoralariga quyidagi raqamlar orqali xabar etkazishlari mumkin:

DSQ Ishonch telefonlari: (71) 244-98-98

“Call-markaz”: (71) 202-32-82, 1198.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1