AsosiyIqtisodiyot

Moliya vaziri tashqi qarz oshishi va oltin zaxirasi kamayayotganiga izoh berdi

'Moliya vaziri tashqi qarz oshishi va oltin zaxirasi kamayayotganiga izoh berdi'ning rasmi

Gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta`minoti hamda yo`l qurilishi sohasidagi masalalarni tashqi qarz hisobigagina hal qilish mumkin. Tashqi qarzning o`sib borayotgani xavotirli emas, dedi Bosh vazir o`rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo`chqorov. Bu haqda Kun.uz ma`lum qildi.

Vazirning ta`kidlashicha bugungi kunda tashqi qarzimiz 15,1 mlrd dollarni tashkil qilyapti. Yalpi ichki mahsulotdan tushgan daromad 58 mlrd dollar bo`ladigan bo`lsa, tashqi qarz YaIMning taxminan 25 foizi atrofida. Davlat tashqi qarzining YaIMga nisbatan 25 foiz bo`lishi tashvishlanadigan masala emas. 

Qo`chqorovning ta`kidlashicha, tashqi qarz 2020–2022 yillarda ham anchagina o`sadi. Lekin kelayotgan uch yilda tashqi qarz o`sadi degani bu jarayon doim shunday davom etadi degani emas. Xalqaro valyuta jamg`armasi va Jahon banki fikriga ko`ra davlat tashqi qarzi YaIMga nisbatan 50-55 foiz atrofida bo`lishi barqaror holat hisoblanadi. Shuning uchun tashqi qarz 50 foizga borishidan hushyor bo`lsak bas.

Agar tashqi qarz o`sib, YaIM o`smasa, bu bankrotlikka olib keladi. 2018 yilda yalpi ichki mahsulotimiz 50 mlrd edi, 2019 yilda 58 mlrd bo`ldi. Besh yildan keyin nasib etsa 100 mlrd bo`lishi mumkin. Yuz milliardning 50 foizi 50 mlrd bo`ladi va bu degani chetdan bemalol shu miqdorgacha qarz olishimiz mumkin”, dedi Jamshid Qo`chqorov.

Moliya vaziri, shuningdek, O`zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bilan bog`liq vaziyat haqida ham tushuntirish berdi.

“2019 yilda oltin-valyuta zaxiralarimiz ikki milliardga ko`paydi. To`g`ri, bu asosan oltin narxining oshishi hisobiga bo`ldi, lekin zaxiralarimiz xavotirli darajada kamayib ketgani haqidagi gap-so`zlar asossiz. Markaziy bankning yoki Moliya vazirligining saytiga kirsangiz, bu ma`lumotlar hamma uchun ochiq turibdi”, dedi moliya vaziri.

Jamshid Qo`chqorovga ko`ra, jamoatchilikning o`zi mamlakat tashqi qarzi va oltin-valyuta zaxirasi bilan qiziqa boshlaganining o`zi yaxshi hodisa. Uning ta`kidlashicha, xalq mamlakatning siyosiy jarayonlariga aralashmasa, hech qanday islohot ham, taraqqiyot ham bo`lmaydi.

Boshqa yangiliklar