AsosiySiyosat

Mirziyoyev yangi xalqaro aeroport qurilishini boshlab berdi

Davlat rahbari Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda mazkur ulkan majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

'Mirziyoyev yangi xalqaro aeroport qurilishini boshlab berdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda mazkur ulkan majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Izchil taraqqiy etib, ulkan megapolisga aylanayotgan Toshkent shahriga dunyoning turli mintaqalaridan sayyohlaru tadbirkorlar, investoru davlat arboblarining tashrifi ko‘payib bormoqda. Aniq raqamlarda aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston dunyoga keng ochilganidan so‘ng xorijiy sayyohlar soni 3 milliondan 10 millionga oshdi. 2030 yilga borib, 15 millionga yetadi.

Yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining tiklangani, chegaralarning ochilgani natijasida odamlar uchun mintaqamiz bo‘ylab bemalol harakat qilish imkoniyati yaratilgan. 

Davlat rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Yangi Toshkent shahri ham qulay joylashuvi, investitsion jozibadorligi, yashash uchun barcha shart-sharoitlarga egaligi bois, g‘oyat gavjum maskanlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Shunga muvofiq, transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlari mutanosib rivojlantirilmoqda. Ayniqsa, aviatsiya sohasida yangi ekotizimni shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, hududlardagi 7 ta xalqaro aeroport zamon talablari asosida rekonstruksiya qilinyapti.

Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo, So‘x tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilib, ularning soni 18 taga yetkazilgan.

Eng muhimi, sohada raqobat muhiti yaratilgani sababli 15 ta yangi aviakompaniya paydo bo‘ldi. Ularning aviaparkidagi havo kemalari soni 26 tadan 105 taga yetgan.

Hozirda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Polsha kabi davlatlarning 51 ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Davlat rahbari o‘z nutqida kelgusida ham transport infratuzilmasi jadal rivojlantirilishini ta’kidlandi.

Jumladan, kelgusi besh yilda aviaparkdagi havo kemalari 180 taga, yo‘nalishlar 230 taga, mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar soni esa yiliga 200 mingga yetkaziladi. Aeroport infratuzilmasini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.

“Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va Gʻarb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz”, – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi xalqaro aeroport qurilishi bunga katta zamin bo‘lishi qayd etilgan.

Tahlillarga ko‘ra so‘nggi sakkiz yilda poytaxtga avia yo‘lovchilar oqimi 3 karra oshib, yiliga 9 millionga yetdi. 2040 yilga borib, 24 milliondan oshadi. Lekin yiliga 11 million odamga xizmat ko‘rsatadigan hozirgi aeroport shahar hududida joylashgani uchun uni kengaytirishning imkoniyati yo‘q. Shu bois, sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 ming 300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda. 

Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Inhceon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha 4 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi. Bu bilan terminallar orqali yiliga 20 million nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyati yaratiladi.

Ushbu aeroport aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining talablariga to‘liq javob beradi.

Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimlari o‘rnatilib, har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi. 

Yana bir muhim jihati, bu loyiha “yashil” standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport bo‘ladi. Terminallarda 46 ming kvadrat metrlik “Duty free” zonasi tashkil etiladi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq pullik avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Eng asosiysi, yangi aeroport iqtisodiy jihatdan ham davlat uchun jozibador bo‘lib, bu loyiha mamlakatimizga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi. Yurtimizda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, turizm sohalarining yanada rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlarining ochilishiga hissa qo‘shadi.

Davlat rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar, moliya tashkilotlari, turistik kompaniyalar vakillariga minnatdorlik izhor etdi. Yangi aeroportning barpo qilinishida qatnashadigan barcha mutaxassislar, muhandislar va qurilish jamoasiga yuksak ishonch bildirgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab bergan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar

    'Prezident sholi maydoniga bordi'ning rasmi

    Siyosat 15.10.2025 18:55

    Prezident sholi maydoniga bordi

    Viloyatda joriy yil hosili uchun 8,7 ming gektar sholi ekilgan.

    ''ning rasmi

    Siyosat 15.10.2025 18:01

    'Mirziyoyev Saudiya investitsiyalar vaziri bilan 27 milliard dollarlik loyihalarni muhokama qildi'ning rasmi

    Siyosat 15.10.2025 15:36

    Mirziyoyev Saudiya investitsiyalar vaziri bilan 27 milliard dollarlik loyihalarni muhokama qildi

    Томонлар энергетика, инфратузилма ва кишлок хўжалиги бўйича устувор лойиҳаларни муҳокама қилди.

    'Saida Mirziyoyeva baronessa Ariel Mallard de Rothschild bilan uchrashdi'ning rasmi

    Siyosat 15.10.2025 14:46

    Saida Mirziyoyeva baronessa Ariel Mallard de Rothschild bilan uchrashdi

    Tomоnlar O'zbekistondagi islоhоtlаr vа o'zаrо hаmkоrlik istiqbоllаrini muhоkаmа qildi.

    'Prezident Mirziyoyev “Yangi Toshkent” aeroporti qurilishiga tamal toshi quyadi'ning rasmi

    Siyosat 15.10.2025 13:39

    Prezident Mirziyoyev “Yangi Toshkent” aeroporti qurilishiga tamal toshi quyadi

    Davlat rahbari bugungi kun davomida bir qator rasmiy uchrashuv va tashriflarni amalga oshiradi.

    '237 ming oila qashshoqlikdan chiqdi, ammo 28 tumanda ishsizlik muammosi hal boʻlmayapti'ning rasmi

    Siyosat 14.10.2025 15:26

    237 ming oila qashshoqlikdan chiqdi, ammo 28 tumanda ishsizlik muammosi hal boʻlmayapti

    Prezident mahallalarda ishsizlik va jinoyatchilikni ikki barobar qisqartirish vazifasini qo‘ydi.