Jahon hamjamiyati uchun jiddiy muammoga aylangan koronavirus (COVID-19) pandemiyasiga qarshi mamlakatimizda qat`iy chora-tadbirlar ko`rilmoqda. Karantin vaqtida ish faoliyatini to`xtatgan xizmatchilar uchun ijtimoiy yordam ko`rsatish, kam ta`minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berish shular jumlasidan.
Shu maqsadda Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil qilindi. Respublikamiz aholisiga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida va ushbu markazlarga tezlikda va qulay bog`lanishlari uchun Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 1197 qisqa raqami tashkil etildi. Bu haqda Mahalla va aholini qo`llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Abonentlar barcha telefon aloqalari orqali mazkur raqamga murojaat qilishlari va kerakli ma`lumotlarni olishlari mumkin.