1

Prezident topshirig`i: Tadbirkorlar 3 oy soliqdan ozod etiladi, aprel-may oyi qarzlaridan voz kechiladi, nafaqa oluvchilar soni 10 foizga oshiriladi

Siyosat 13.05.2020, 21:02
Prezident topshirig`i: Tadbirkorlar 3 oy soliqdan ozod etiladi, aprel-may oyi qarzlaridan voz kechiladi, nafaqa oluvchilar soni 10 foizga oshiriladi

Avval xabar berganimizdek, bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Yig`ilishda pandemiyaga qarshi kurashish hamda karantin sharoitida aholi va korxonalarni qo`llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham to`xtalib o`tildi.

Bu maqsadlarga Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasidan 3 trillion so`m yo`naltirildi. Shuningdek, iqtisodiy faollikni ta`minlash uchun umumiy qiymati 1 trillion so`mdan ziyod bo`lgan yangi investisiya loyihalari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, 87 mingta tadbirkorlik sub`ektining jami 18 trillion so`m, qariyb 2 million fuqaromizning 5 trillion so`mdan ziyod bank kreditlarini qaytarish muddati uzaytirildi.

O`tgan oyning o`zida 250 mingta tadbirkor va korxona, 83 mingta fermer xo`jaligining jami 400 milliard so`mlik soliq va boshqa to`lovlarini to`lash muddati kechiktirildi. Davlat mulkidan foydalanayotgan 11 mingdan ortiq tadbirkor ijara to`lovidan ozod bo`ldi.

Ehtiyot choralari ta`minlangan holda, karantin davrida ishlamagan 14 mingta sanoat korxonasidan hozirgi kunda 10 mingtasi o`z faoliyatini qaytadan boshladi. Ularning 178 ming xodimi o`z ish joyiga qaytdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda hozirgi kunda ishlamay turgan 4 mingta sanoat korxonasi muammolarini birma-bir o`rganib, ularning faoliyatini may oyi oxirigacha yo`lga qo`yish bo`yicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz pandemiya sharoitida avvalgi berilgan imtiyozlarga qo`shimcha ravishda tadbirkorlar va aholini qo`llab-quvvatlash davom ettirilishini ta`kidladi.

Birinchidan, kichik biznes va fermer xo`jaliklariga ijtimoiy soliq stavkasi may-iyul oylarida 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Buning natijasida 260 mingdan ziyod korxona va fermer xo`jaliklari jami 650 milliard so`m mablag`larni tejagan holda, ularni sarmoya va aylanma mablag` sifatida ishlatish imkoniga ega bo`ladi.

Ikkinchidan, kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida er va mol-mulk solig`idan ozod etiladi. Buning hisobiga 50 mingdan ortiq tadbirkor 300 milliard so`mni tejaydi va ularning aylanma mablag`i ko`payadi.

Shuningdek, avvalgi qarorga asosan, aprel-may oylarida 1 mingdan ziyod tadbirkorning er va mol-mulk soliqlari va penyalari bo`yicha kechiktirilgan 80 milliard so`m to`lovlari kechib yuboriladi.

Uchinchidan, tadbirkorlarga bojxona to`lovlarini 120 kungacha kechiktirib to`lashga ruxsat beriladi. Bu ularga jami 540 milliard so`mni tejash hamda ushbu mablag`larni o`z biznesini rivojlantirishga yo`naltirish imkonini beradi.

To`rtinchidan, ehtiyojmand oilalarni yanada qo`llab-quvvatlash maqsadida nafaqa oluvchi oilalar soni qo`shimcha 70 mingtaga yoki 10 foizga ko`paytirilib, byudjetdan yana 200 milliard so`m ajratiladi.

Beshinchidan, ilgari stavkasi 22 foizgacha bo`lgan investisiya kreditlari bo`yicha foizlar qisman davlat tomonidan qoplab berilgan bo`lsa, endi stavkasi 26 foizgacha bo`lgan kreditlarning foizlari ham qisman qoplab beriladi.

Shuningdek, tadbirkorlarga aylanma mablag`larini to`ldirish uchun 500 milliard so`mgacha (ilgari 10 milliard so`mgacha) berilgan kreditlar bo`yicha kompensasiya miqdori 5 foizdan 10 foizga oshiriladi.

Oltinchidan, Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlarida joriy qilingan aholiga yakka tartibda uy-joy qurish va ta`mirlash uchun kredit berish tajribasi Toshkent shahrida ham tatbiq etiladi. Shu orqali poytaxtda qariyb 10 mingta mavsumiy ish o`rinlari yaratiladi.

Ettinchidan, mahalliy korxonalarning mahsulotiga nisbatan ichki talabni oshirish va shu orqali ularni qo`llab-quvvatlash maqsadida davlat tashkilotlariga III-IV chorakdagi xaridlarini II chorakda amalga oshirish huquqi beriladi.

Umuman, iqtisodiyotni va fuqarolarni yanada qo`llab-quvvatlash uchun byudjetdan qo`shimcha 2 trillion so`mdan ortiq mablag` yo`naltiriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1