1

Suvni nazorat qilish va hisobini onlayn tarzda yuritish bo`yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqishga ko`rsatma berildi

Siyosat 23.07.2020, 22:33
Suvni nazorat qilish va hisobini onlayn tarzda yuritish bo`yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqishga ko`rsatma berildi

O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 iyul kuni videoselektor yig`ilishi o`tkazdi. Unda qishloq va suv xo`jaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish bo`yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Yig`ilishda suvdan oqilona foydalanish masalalari haqida ham so`z yuritildi. Bu haqda Prezident.uz ma`lum qildi.

Davlat rahbarining shu yil 10 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan Suv xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan konsepsiyasida bu boradagi barcha jihatlar belgilab berilgan. Jumladan, kanallarning foydali ish koeffisientini oshirish hamda 2 million gektarda suv tejovchi, shundan 600 ming gektarda tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga yiliga 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish ko`zda tutilgan. Shuningdek, raqamlashtirish hisobiga elektr energiyasi sarfini 2 milliard kilovatt soatga qisqartirish kabi ko`rsatkichlar belgilangan.

Suv xo`jaligi vazirligi bu vazifalar ijrosini o`z vaqtida ta`minlashi, xalqaro ekspertlarni jalb qilib, yangicha uslubda ishlashi zarurligi ta`kidlandi. 2025 yilga qadar sohani to`liq raqamlashtirish, jumladan, suvni nazorat qilish va hisobini onlayn tarzda yuritish bo`yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.

Prezident g`alla etishtirish yakunlariga to`xtalib, shunday murakkab sharoitda ham dala mehnatkashlari omilkorlik bilan 6 million 400 ming tonnadan ortiq g`alla hosili etishtirganini ta`kidladi. Buning uchun barcha fermer, dehqon va klasterlarga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

Videoselektorda, shuningdek, g`o`za parvarishi bo`yicha agrotexnik tadbirlarni o`z vaqtida o`tkazish hamda takroriy ekinlar ekish masalalariga ham e`tibor qaratildi.

«Umuman olganda, qishloq xo`jaligini tubdan isloh qilish va sohada bozor iqtisodiyotini keng joriy etish bo`yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Ularning ijrosi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga, eng asosiysi, xalqimizning kayfiyati va turmush tarziga ta`sir ko`rsatadigan juda muhim masala», – dedi Shavkat Mirziyoev.

Soha mutasaddilari va hokimlar topshiriqlar ijrosini tashkil etish, aytib o`tilgan kamchiliklarni bartaraf qilish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Yig`ilish so`ngida davlat rahbari yana bir bor pandemiya masalasiga to`xtaldi.

«Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib, iltimos qilmoqchiman. O`tgan davrda juda katta tajriba orttirdik. Keyingi paytlarda iqtisodiyotimizni tiklash uchun karantin tartibini yumshatdik, lekin kasallanganlar va o`limlar soni ko`paygani bizni, albatta, katta tashvishga solmoqda.

O`zimizni, farzandlarimizni, aziz ota-onalarimizni asraylik. Faqat va faqat sog`lig`imizni o`zimiz asrab, oila a`zolarimizni, qarindoshlarimizning sog`lig`iga ogoh bo`lib, yig`inlarni kamaytirib, karantin normalariga rioya qilsak, kasallikni jilovlab olamiz», dedi davlat rahbari. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1