Istanbul sudi shahar markazidagi Istiqlol ko`chasida sodir etilgan terakt aybdoriga hukm chiqardi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.
Asosiy aybdor deya baholangan suriyalik ayol Ahlam Albashirga jami 1794 yil — etti karra umrbod qamoq jazosi berildi.
Bundan tashqari, terakt ishi bo`yicha yana 36 nafar shaxsga hukm chiqarilgan.
Xabar qilinishicha, prokuror Ahlam Albashirga 3009 yillik qamoq jazosini so`ragan, biroq sudya jazoni bir oz “yumshatishga” qaror qilgan.
Terakt 2022 yilning 13 noyabr kuni Istanbul markazidagi gavjum Istiqlol ko`chasida sodir etilgandi. Oqibatda olti kishi halok bo`ldi, 81 kishi yaralandi. Mamlakat rasmiylari hodisani terakt sifatida baholagan.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi portlash ortida Turkiyada terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tarafdorlari turganini aytgan.