Yoz… Jazirama issiq…. Aynan shunday ob-havo sharoitida yurtimizda shishali ichimlik suviga bo`lgan talab keskin oshishi kuzatiladi. Ko`pchilik bunday idishdagi ichimlik suvlarini nafaqat ko`chada issiq ob-havo sharoitida, balki uy sharoitida kundalik ehtiyoj uchun ham ishlatadi. Tanlovda adashmaslik uchun nima qilish kerak? Mazkur savolga javob berish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan 5 ta taniqli shishada qadoqlangan ichimlik va mineral suvlari savdo belgilari tanlab olindi va ularning xavfsizlik va sifat ko`rsatkichlarini aniqlash maqsadida sinov laboratoriyalariga yuborildi. Bu haqda Agentli Matbuot xizmati ma`lumot berdi.
Muhim sinov
Gazlanmagan ichimlik suvining sifat va xavfsizlik ko`rsatkichlarini o`rganish maqsadida Agentlik tomonidan Toshkent shahridagi chakana savdo ob`ektlaridan quyidagi savdo birliklariga mansub ichimlik suvlari xarid qilindi:
- «Silver Water» gazlanmagan tabiat-ichimlik suvi, «SILVER VITA» MChJ, O`zbekiston (0,5 l);
- «Montella Daily» gazlanmagan tozalangan ichimlik suvi, «NAVRUZ INTERNATIONAL CORP» MChJ QK, O`zbekiston (0,5 l);
- «Bon Aqua» gazlanmagan ichimlik suvi, «COCA-COLA UZBEKISTON ICHIMLIGI LTD» MChJ, O`zbekiston (0,5 l);
- «Hydrolife» gazlanmagan, artezian, tog`-ichimlik suvi, «HYDROLIFE BOTTLERS» MChJ, O`zbekiston (0,5 l);
- «Nestle Pure Life» ichimlik suvi, «LACTALIS CENTRAL ASIA», MChJ QK, O`zbekiston (0,5 l).
5 ta mahsulot namunalari O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida sanitar-gigiena, radiologiya, mikrobiologiya va parazitologiya talablariga muvofiqligi sinovdan o`tkazildi.
O`tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko`ra barcha gazlanmagan ichimlik suvlari yuqoridagi talablarga muvofiqligi aniqlandi.
Shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi hamda O`zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi tomonidan er osti va er usti suv manbalaridan foydalanish uchun berilgan ruxsatnomalar to`g`risida taqdim qilingan ma`lumotlar o`rganildi.
O`rganishlar natijasida «NAVRUZ INTERNATIONAL CORP» MChJ QK suvdan foydalanishga ruxsatnomasi mavjud emasligi va ushbu holat qonun buzilishi hisoblanmasligi aniqlandi. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining “Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste`mol qilishga ruxsatnoma berish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlash to`g`risidagi” 2018 yil 31 martdagi qarori 2-bandiga muvofiq, ushbu Reglament talablari kommunal suv quvurlari va kanalizasiyaning markazlashtirilgan tarmoqlaridan foydalanishga jismoniy shaxslar tomonidan sutkasiga 5 m3gacha suvdan umumiy foydalanilganda tatbiq etilmasligi belgilangan.