AsosiyIqtisodiyot

"Yo`g`on cho`zilib, ingichka uziladigan" pandemiya davrida qashshoqliklikning oldi qanday olinyapti?

'"Yo`g`on cho`zilib, ingichka uziladigan" pandemiya davrida qashshoqliklikning oldi qanday olinyapti?'ning rasmi

Ayni paytda koronavirus pandemiyasi va karantin cheklovlari oqibatida butun dunyoda yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz O`zbekis­tonni ham chetlab o`tmadi. Taraqqiyot pog`onalaridan ko`tarilib borayotgan eng yirik sohalar bu sharoitda katta zarar ko`rdi. Turizm, havo yo`llari, transport, bank va boshqalar shular jumlasidandir. 

Shunday bir davrda kunlik daromad bilan tirikchilik qilib yurgan kishilarga yanada qiyin bo`ldi. Ko`chma ma`noda, “yo`g`on cho`zilib, ingichka uziladigan” sharoitda yurtimizda daromadsiz aholini qo`llab-quvvatlash va qashshoqlikning oldini olish uchun imkon qadar yordam ko`rsatilmoqda.

AOKAda bo`lib o`tgan brifingda ayni paytda inqiroz oqibatlarini tugatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mas`ullar izoh berib o`tdi. 

KREDIT KEChIKTIRILSADA, BANKLAR MAJBURIYaTI TO`XTAGANI YO`Q

Behzod HAMROEV, Markaziy bankraisi o`rinbosari:

— Hammaga ma`lumki, karantin davrida ko`pchilik xo`jalik yuritish sub`ektlari va aholi daromadini yo`qotdi. Odamlar oldingidek ishlamayapti. Lekin ularning katta qismida kreditlar bor. Albatta, daromadi bo`lmagan odam kreditini to`lolmaydi. Qaysi soha bo`lmasin pandemiya davrida katta zarar ko`rgan. Biz aholining qaysi qatlami qanday zarar ko`rganini aniqlashga harakat qildik. Ammo buning imkoni yo`q. Chunki hamma bir xil karantinda o`tirdi. Shuning uchun hammaning kreditlari bo`yicha to`lovlarni kechiktirib berdik.

Respublikada oktyabr oyigacha kredit to`lovini kechiktirish natijasida umumiy miqdorda 256,5 trillion so`m kredit to`lovi kechiktirildi.

Shundan 21,3 trillion so`m yuridik shaxslarga to`g`ri keladi. Barcha tadbirkorlik sub`ektlaridan kelib chiqsak, 65% yuridik shaxs bu imtiyozdan foydalanmoqda.

5,3 trillion so`m (88%) jismoniy shaxslar tomonidan to`lanadigan kredit to`lovlari kechiktirilgan.

Ayni paytda kredit daromadlaridan olinadigan mablag`lari kechiktirilgani bilan banklarning o`z majburiyatlari, ya`ni depozitlar bo`yicha to`lovlarning birortasi to`xtagani yo`q. Negaki bularni to`xtatish iqtisodiy-moliyaviy oqimlar yanada buzilib, ahvol yanada yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun banklar o`z majburiyatlarini muntazam ravishda bajarib kelmoqda.

Joriy yil boshida “Har bir oila tadbirkor” loyihasi uchun 4 trillion so`m ajratish maqsad qilingan edi. Pandemiya tufayli kreditlar kechiktirilishi sabab, yana 2 trillion so`m “Har bir oila tadbirkor” dasturi uchun qo`shimcha yo`naltirildi. Yil oxiriga qadar 5,5 trln. so`m ajratiladi.

O`tgan 8 oyda 3,9 trln. so`m aholiga dastur doirasida berilgan. 

NIMA UChUN TAKSIChILAR O`Z-O`ZINI BAND QILGANLAR RO`YXATIGA KIRITILMAYaPTI?

Dilshod SULTONOV, Moliya vaziri o`rinbosari:

— Ma`lumki, Prezidentimiz qarori asosida taksichilar yuridik shaxs sifatida ro`yxatdan va har kunlik tibbiy hamda texnik ko`rikdan o`tishi lozim. Bu bo`yicha ish olib boryapmiz. Gap shundaki, bunday bandlik turiga davlat ruxsat bergandan keyin kafolatlangan bo`lishi kerak. Buning uchun biz ularga imkoniyat yaratib berishimiz shart. 

Shuningdek, taksichilarga qo`yiladigan ayrim talab­lar bor. Masalan, albatta, agregatlarga ulangan bo`lishi lozim. 

Tibbiy va texnik ko`riklar xavfsizlik va sog`liqni saqlash nuqtai nazaridan muhim. Bu degani shuki, agar siz taksida ketayotgan bo`lsangiz, o`zini-o`zi band qilgan bo`lsa ham, kim bilan ketayotganingizni bilishingiz shart. Bir tomonda, o`z-o`zini band qilgan kirakashlar manfaati turgan bo`lsa, ikkinchi tomonda jamoatchilik manfaati turibdi.

Shu sababli taksichilarga bir oyda bir yoki boshqa muddatda chuqur tibbiy va texnik ko`rikdan o`tish kabi normalar qo`yilyapti. Bularni muhokama qilib, 1-2 oy ichida biz Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritamiz. 

IShSIZ QOLGAN AHOLIGA QANDAY YoRDAM BERILYaPTI?

Temur MAHMUDOV, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig`i:

— Hozirgi kunda 419 ming kishi jamoat ishlariga jalb qilinib, ularga qariyb  400 milliard so`m to`lab berilgan.

Shuningdek, pandemiya davri erta bahor paytiga to`g`ri kelganligi sabab, fuqarolarning shaxsiy tomorqalarini rivojlantirishga e`tibor qaratildi.

Shaxsiy tomorqasida engil konstruksiyali issiqxonalar qurish, suv chiqmaydigan joylarda sug`orish uskunalari yoki urug`lik ko`chatlari sotib olish uchun subsidiyalar ajratildi.

Pandemiya davrida 30 ming kishiga 60 mlrd.ga yaqin subsidiya ajratilgan. 

Buyuk depressiya davrida O`zbekistonda aholini, ayniqsa, norasmiy iqtisodiyotda ishlayotganlarni himoya qilish uchun shoshilinch va muhim siyosat choralari ko`rilmoqda. "Darakchi"  gazetasining navbatdagi sonida pandemiya sharoitida xalqaro tashkilotlar va banklar tomonidan ajratilgan mablag`larning aholini qo`llab-quvvatlashga yo`naltirilishi, makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlash, inflyasiya darajasi oshishi hamda iqtisodiyot­ning tushib ketishi oldini olish bo`yicha choralar va rejalarga kengroq to`xtalamiz.

Sizda ham ushbu mavzuda savollar bo`lsa bizga yozib yuboring. 

Manzura BEKJONOVA

 

    Boshqa yangiliklar