1

Xotira zaiflashuvi bilan hazillashmang

Salomatlik 04.01.2016, 12:00
Xotira  zaiflashuvi  bilan  hazillashmang

Tibbiyot fanlari doktori, professor Abduqahhor Fozilov maslahat beradi.

Har narsani yoddan chiqarib qo`yaverish tibbiyot tilida demensiya deyilib, ko`pincha keksalik yoshida uchraydi, shuning uchun “qariyalar demensiyasi” deb ham ataladi. Demensiya kasalligida kognitiv (bilish) faoliyatining buzilishi muhim ahamiyatga ega, chunki bunda bosh miyaning tevarak atrofdagi hodisalarni anglab etish va unga munosabat bildirish qobiliyati izdan chiqadi.

BEMOR  MA`LUMOTLARNI  O`ZLAShTIROLMAYDI  

Yoshga aloqador kognitiv ko`nikmalarning yomonlashishi taxminan 30-35 yoshlardan so`ng boshlanadi, 45-60 yoshlar oralig`ida yanada sezilarli tus oladi. Bu vaqtda operativ xotira (qisqa muddatda esda saqlash) hajmi kamayadi, bu shunga olib keladiki keksalar yangi bilimlar va ma`lumotlarni o`zlashtirishda yoshlar hamda o`rta yoshlilarga nisbatan ancha qiynalishadi.

Agar quyidagi holatlar kuzatilsa, keksalarga demensiya tashxisini qo`yish mumkin:

- qisqa va uzoq vaqtlik xotira buzilishlari;

- mulohaza yuritishning buzilishi (bunda bemor o`zicha rejalar tuza olmaydi, atrofdagilarning munosabatlarini xolisona baholashga qiynaladi);

- shaxsiyatdagi (fe`l-atvordagi) o`zgarishlar;

- uy yumushlari va kasbga oid ishlarni bajara olmay qolish.

Demensiya rivojlangani sayin bemor boshqalar ko`magiga muhtoj bo`lib qoladi. Ularni xuddi bolalarni parvarishlagandek parvarish qilish lozim bo`ladi.

SABAB va OQIBATLARI   

  • Kasallikning engil darajasida bemor jamoa bilan muloqot qilishida va kasbiy faoliyatini bajarishda buzilishlar kuzatilsada, u fikr-mulohaza yuritish qobiliyatini saqlab qoladi, shaxsiy gigienaga amal qiladi.
  • O`rtacha darajadagi demensiyada bemorni o`z ixtiyoriga qo`yish xatarli, uni tez-tez nazorat qilib turish kerak.
  • Kasallikning og`ir darajasida bemor suhbatdoshining gap-so`zlari mazmunini anglab etmaydi, o`zi ham o`ylaganlarini gapirib berolmaydi, hatto shaxsiy gigienaga loqayd bo`ladi. Bunday vaqtda unga alohida parvarish zarur .

Kasallikka quyidagilar sabab bo`ladi:

- nevrologik va qon-tomir kasalliklari,( bosh miya tomirlari aterosklerozi);

- ichki a`zolar kasalliklari (surunkali jigar va buyrak etishmovchiligi);

- intoksikasiya (spirtli ichimliklarga ruju qo`yish, mishyak va azot birikmalari bilan zaharlanish);

- doimiy ravishda dori-darmonlar (masalan ko`p miqdordagi uyqu dorisi) ichish.

AQLNI  ChARXLASh  UChUN

* Meva-sabzavotlar, zaytun yog`i, baliqni ko`proq eyish, tuz va hayvon yog`larini kam iste`mol qilish demensiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.  

*  Jismoniy harakatlar ham tanada, ham qon aylanishini rag`batlantiradi, organizmning a`zolariga kislorod va barcha oziq moddalar etkazib berilishiga ko`maklashadi.

* Turli vitaminlar (S, E, V singarilar) ham qarilik demensiyasini bartaraf etishda muhim sanaladi. Qon-tomir kasalliklari, ya`ni xolesterin miqdorining yuqoriligi va gipertenziya, qandli diabet, kashandalik demensiya xavfini oshiradi va kasallik kechishini og`irlashtiradi.

MUHIM TAVSIYaLAR

Xotira zaiflashuvi bilan kechadigan hamda o`ta og`ir oqibatlarga olib keladigan demensiya kasalligi tufayli azob chekishni istamagan keksalar quyidagi maslahatlarga amal qilishlari lozim:

- intellektual mashg`ulotlar (ya`ni kitob yo gazeta o`qish, krossvord va jumboqlar echish, umuman sevimli mashg`ulotlar) bilan band bo`ling;

- xotirani mashq qildiring, ya`ni bir qancha she`rlarni ovoz chiqarib o`qib, so`ng yoddan takrorlashga harakat qiling;

- eslab qolishingiz zarur bo`lgan muhim kunlar, sanalar yoki bajariladigan yumushlarni maxsus daftarchaga yozib boring;

- o`z vaqtida dam olib, to`yib uxlashga odatlaning;

- hayotdan zavqlanib, farzandlar va nabiralar kamolidan mamnun bo`lib yashang.

G.JAMILOVA yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1