1

Nega bahor oftobidan saqlanish tavsiya qilinadi?

Salomatlik 14.04.2024, 14:51
Nega bahor oftobidan saqlanish tavsiya qilinadi?

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bunga quyidagicha izoh berdi. Bu haqda og`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bahorda quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi oshishi kuzatiladi,  — deydi mutaxassis. — Nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashib, to 16:00 gacha yuqori faolligini saqlab turadi.

Xo`sh, buning nimasi xavfli?

Gap shundaki, xuddi shunday sharoitda terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatoz kasalligi yuzaga keladi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, hozir bu xastalik dunyo aholisining taxminan 20 foizida uchraydi.

Aslida, quyosh nurining o`zi allergen hisoblanmaydi. Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o`zaro ta`sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo`lishi mumkin.

Oqibatda bo`yin, qo`l sohalari va ko`krakning yuqori qismida pufakcha, qavariq, qizil dog`, kuyish ko`rinishidagi turli toshmalar yuzaga keladi. Ba`zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar ham kuzatiladi.

Toshmalar oftob ta`sir qila boshlagan ilk soatlardan to hafta davomigacha hosil bo`ladi. Ko`pincha fotodermatoz belgilari muolajalardan so`ng yo`qolib ketadi. Ammo bu holat insonni umr bo`yi ta`qib qilishi ehtimoli ham mavjud.

Ayni sababdan bahorning oftobli kunlarida soat 11:00dan 16:00gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tug`ilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, ko`zoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyishni tavsiya etamiz. 

Sezuvchan teri uchun mo`ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Lekin ba`zi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishini unutmaslik kerak. Shu bois preparatni qo`llashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Atopik dermatitni davolashda qo`llaniladigan Elidel yoki Protopik surtmalaridan foydalanayotgan bemorlarga quyoshda yurish taqiqlanadi. Yoki bu vositalarni tushdan so`ng oqshomga qadar ishlatgan ma`qul.

Shuningdek, Eritromisin, Tetrasiklin va Streptomisin kabi dorilar ultrafinafsha nurlarini kuchli tortib olish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlar issiq kunlarda kunduzi ko`chaga chiqishlari mumkin emas.

Agar bemorlarda ultrabinafsha nurlanish ta`sirida fotodermatoz belgilari paydo bo`lsa, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilishlari mumkin.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1