1

Tomoqdan suv ham o`tmasa yoxud disfagiya qanday kasallik?

Salomatlik 07.01.2016, 14:27
Tomoqdan suv ham o`tmasa yoxud disfagiya qanday kasallik?

Xalq orasida “qizilo`ngachi toraygan emish” yoki “qizilo`ngachidan ovqat o`tmay qiltamoq bo`libdi” degan gap-so`zlar bejizga aytilmaydi. Chunki qizilo`ngach kasalliklari asosan ovqatni yutishdagi qiyinchiliklar bilan boshlanadi.

Disfagiya ko`p uchraydi

Disfagiya (yutqin dardi) asosan baliq qiltanoqlari yoki ovqatdagi mayda suyaklardan shikastlanishi, kimyoviy kislotalar va ishqorlardan kuyishi tufayli qizilo`ngach chandiqlanib torayadi va bu hol disfagiya (ovqat yutishning qiyinlashishi)ga olib keladi. Ba`zan qizilo`ngach shilliq pardalari yallig`langanda va yara bo`lganda ham achishib og`riydi, odam ovqatni yutishga qiynaladi, ancha og`ir hollarda esa jig`ildoni qaynaydi va to`sh orti og`rib azob beradi.

Qizilo`ngach teshigi torayib qolganda bemor ovqatni yutishga qiynalayotganidan ko`ra ovqat luqmasi o`tayotganida qizilo`ngachning og`rishidan shikoyat qiladi. Suyuqlik, suyuq ovqat, bo`tqaga o`xshash ovqatlar ancha oson o`tadi, lekin quyuq ovqat eganda odam suv ichishga majbur bo`ladi, chunki bunda suv ovqatni itaradi va luqma o`tishini osonlashtiradi.

Disfagiyani aniqlash uchun bemor har tomonlama batafsil tekshiriladi, so`rab-surishtiruv orqali ahvoli o`rganiladi, rentgen yoki endoskopiya qilinadi. Shundan keyingina shifokor nima sababdan bemorda ovqat yutishning qiyinlashib qolganligini aniqlaydi va tegishli muolajani buyuradi.

Mabodo disfagiya paydo bo`layotganini sezsangiz, quyidagilarga amal qiling:

  • ovqatni oz-ozdan, bo`lib-bo`lib eng;
  • bir kunda 4-5 mahal ovqatlaning;
  • ovqatlanayotgan paytingizda chalg`imang, gaplashmang, shoshilmang, aks holda qizilo`ngachga havo ketib luqma o`tishi qiyinlashadi;

Shuni ham unutmangki, ovqatlanib bo`lgandan keyin darrov uxlashga yotmang. Agar shunday qilsangiz ovqat qizilo`ngachga otilib chiqadi va bu holat disfagiyaga sabab bo`ladi.

Kasallikning boshlanish chog`larida yoki shu dard tufayli muolaja olayotgan kishilar tomorqada ishlaganda tez-tez dam olishlari zarur. Ayollar esa iloji boricha engashmasdan yumush bajarishlari kerak. Ayniqsa pol artish va kir yuvishda ortiqcha egilmaganlari ma`qul.

Shuningdek juda issiq, achchiq va nordon ovqatlarni iste`mol qilmaslik, gazlangan suvlarni ichmaslik lozim.

Xavfli va xavfsiz o`smalar

 

Unutmangki, qizilo`ngach sohasidagi ko`plab og`ir kasalliklar shilliq qavatning shikastlanishi tufayli kelib chiqadi. Ba`zan shoshib ovqatlanish yoki quruq eguliklarni yaxshi chaynamasdan yutish ham qizilo`ngachning ichki nozik shilliq qavatlarini shikastlantirishi mumkin. Buning natijasida shilliq qavatda turli o`smalar yuzaga keladi.

Ovqat yutishning qiyinlashishi qizilo`ngach o`smasi(qiltamoq)ning belgisi hisoblanadi. Xastalikning boshlang`ich davrida quyuq ovqatlar tomoqdan qisilib o`tadi, kasallik rivojlana borgani sari suyuq ovqatlarni ham yutish qiyinlashadi.

Aslida qizilo`ngach o`smalari tabiatiga ko`ra ikki xil – xavfli va xavfsiz bo`ladi. Xavfsiz o`smalar hujayralari tananing boshqa a`zolariga tarqalmaydi. Qizilo`ngachning xavfsiz o`smalari (masalan fibroma, gemangioma, neyrofibroma, leymiomalar) erkaklarda ko`proq uchraydi.

Xavfli o`sma xavfsiz o`smaga qaraganda tezroq betartib ravishda o`sadi, keyin yon-atrofdagi to`qimalarga kirib borib ularni emiradi.

Davolash

Qizilo`ngach o`smasi o`z vaqtida aniqlanib bemorga mukammal davo qilinsa u tuzalib ketadi. O`sma tanaga tarqalib ketgan hollarda nur yoki kimyoviy dorilar bilan maxsus davolash choralari ko`riladi. Aytish joizki, bugungi kunda qizilo`ngach o`smalarini barvaqt aniqlab tashxis qo`yish uchun zamonaviy apparatlar mavjud. O`smalarni olib tashlash operasiyalari ham ijobiy natijalar beradi. Faqatgina bemor shifokorga o`z vaqtida murojaat qilishi zarur. 

Tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali jarroh Otaboy Madaminov maslahatlari asosida tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1