Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi.Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar berdi. “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, 2021 yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanadi. Qarorga ko`ra: A.Navoiyning ijodiy merosini chuqur o`rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo`shgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordeni ta`sis etiladi; xorijiy davlatlarda saqlanayotgan A.Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo`lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralari ko`riladi; 2020-2021 yillar davomida A.Navoiyning qo`lyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashri yaratiladi; A.Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish bo`yicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovi e`lon qilinadi; 2021 yil oxiriga qadar O`zbekiston Milliy kutubxonasida A.Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani bo`yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasi yaratiladi; Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz o`qitish konsepsiyasi ishlab chiqiladi hamda 2021/2022 o`quv yilidan barcha ta`lim muassasalarida shu asosda o`qitish yo`lga qo`yiladi; 2021 yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi; 2021 yil noyabr oyining birinchi o`n kunligida Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma`naviy-ma`rifiy taraqqiyotidagi o`rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi; “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to`g`risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. |
19.10.2020 21:47