Toshkent shahrida noqulay meteorologik sharoitlar tufayli atmosfera havosi sifati yomonlashishi mumkin. 25 oktabrdan 26 oktabrga o'tar kechasi havodagi PM zarrachalari miqdori ortib, xalqaro havo sifati indeksi bo'yicha ko'rsatkich "noqulay darajaga yetishi kutilmoqda. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda atmosfera havosi sifati maxsus komissiya tomonidan muntazam monitoring qilib borilmoqda. Milliy havo sifati indeksi bo'yicha esa ko'rsatkich "zarg'aldoq darajada baholangan.
Mutaxassislar bu holatni tungi va ertalabki soatlarda havo haroratining pasayishi, shamolning kuchsizligi hamda kuchli harorat inversiyasi bilan izohlamoqda. Bu omillar atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklab, yer yuzasiga yaqin hududlarda PM2.5 va PM10 zarrachalarining to'planishiga olib kelishi mumkin.






