Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Ravshan Ermatov Saudiya Arabistonining favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. Joriy yil 23-oktyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov Saudiya Arabistoni podshohligining O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Xisham Meshaal Suvaylem al-Suvaylem boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Sir emas, sport avvalo millatlar va elatlar o`rtasida madaniy xilma-xillik, davlatlararo va madaniyatlararo muloqot rivoj topishi, milliy merosni saqlash, ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash orqali jamiyatni barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. O`zbekiston va Saudiya Arabistoni o`rtasida o`zaro do`stona aloqalar yo`lga qo`yilgan bo`lib, bugungi kunda ushbu hamkorlik sport sohasida ham tobora rivoj topmoqda. Bu jihatlar O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida o`tkazilgan yig`ilishda ham alohida e`tirof etildi. Uchrashuvda R.Ermatov Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyati haqida to`xtalar ekan, mazkur tashkilot jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanishi, qolaversa, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish va ularning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yo`nalishi bevosita jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratilgan bo`lib, unda yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo`naltirish belgilangani, o`tgan davr mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini ta`kidladilar. Saudiya Arabistoni podshohligining O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuvda bir qator masalalar, jumladan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan Saudiya Arabistoni podshohligining Sport boshqarmasi o`rtasida jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik qilish maqsadida ishlab chiqilgan memorandumni saudiyaliklar tomonidan ko`rib chiqilishini tezlatish, ikki davlat sportchilarini xalqaro musobaqalarga tayyorlash uchun sport turlari bo`yicha qo`shma o`quv-mashg`ulotlar yig`inlarini tashkil etish kompleksini ishlab chiqish, Saudiya Arabistoni tajribasini o`rgangan holda O`zbekistonda ot sportini rivojlantirish bo`yicha qo`shma loyihalarni amalga oshirish, Saudiya Arabistonida milliy sport turimiz bo`lgan kurashni yanada rivojlantirish, buning uchun podshohlikni malakali trenerlar bilan ta`minlash va qo`shma o`quv-yig`in mashg`ulotlarini o`tkazish borasida o`zaro fikr almashildi.
| |
23.10.2020 22:52