Ertaga respublika shimoliga Rossiyaning Evropa qismi (Moskva oblasti)dan Volgabo`yi orqali sovuq antisiklon kira boshlaydi, deb xabar bermoqda O`zgidromet. Ertaga, 28 oktyabrda sovuq havo butun respublika hududiga tarqaladi, harorat foni 8-10 daraja pasayadi. Aksariyat viloyatlarda kunduzgi havo harorati 10-13 daraja atrofida bo`ladi. Kuchsiz, asosan qor ko`rinishidagi yog`inlar mamlakatning tog`li va baland tog`li hududlarida kuzatilishi mumkin. Iliq va sovuq havo oqimlarining bosimlari tafovuti respublika hududi bo`yicha shamolning tezligi sekundiga 17-22 metrgacha kuchayishiga olib keladi. Sovuq havo oqimining ta`siri 29 oktyabrda va 30 oktyabrda kechasi saqlanib turadi, 30 oktyabrda kunduzi antisiklon shimoli-sharqqa chekina boshlaydi va havo asta-sekin isiydi. 29 va 30 oktyabr kunlari tungi havo harorati 0-3 daraja iliqqacha tushadi, ayrim joylarda havoda birinchi ayoz kuzatiladi — harorat 1-2 daraja sovuq bo`ladi. 29 oktyabrda kunduzi 10-13 daraja iliq atrofida bo`ladi, 30 oktyabrda esa biroz — 13-16 darajagacha isiydi. Bu kunlarning harorati oktyabr oyi uchun xos bo`lgan me`yoriy qiymatlardan 7-9 darajaga past bo`ladi. 31 oktyabrda O`zbekiston hududiga Eron tomondan issiq havo kira boshlaydi. Tungi ayoz to`xtaydi, kunduzi esa harorat 18 daraja, ayrim joylarda undan ham yuqori bo`ladi | |
27.10.2020 22:56