1

O`zbekistonda ilk bor EITU bilan hamkorlikda ilmiy loyihalarga grantlar ajratildi

Hi-tech 17.12.2020, 19:56
O`zbekistonda ilk bor EITU bilan hamkorlikda ilmiy loyihalarga grantlar ajratildi

O`zbekiston-EITU (Evrosiyo ilmiy tadqiqotlarni qo`llab-quvvatlash uyushmasi) ko`p tomonlama xalqaro hamkorlik  doirasida bajarilishi 2021-2023 yillarga mo`ljallangan ilmiy-texnik loyihalar tanlovi natijalari bo`yicha ikkita ilmiy loyihaga grant mablag`lari ajratiladi.  Bu haqda  Innovasion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi va Evrosiyo ilmiy-tadqiqotlarni qo`llab-quvvatlash uyushmasi o`rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida e`lon qilingan ilmiy-texnik loyihalar tanloviga jami 38 ta loyiha kelib tushgan. Har bir ishtirokchi davlat tomonidagi hamkor tashkilotlardan tanlovga loyihalar to`liq topshirilgani tufayli 38 ta ilmiy-texnik loyiha Ilmiy-texnik kengashlarda ekspertizadan o`tkazildi.

Ekspertiza jarayoni  hamda ilmiy-texnik kengashlardagi taqdimotlar va muhokamalar natijalariga ko`ra 11 ta ilmiy-texnik loyiha moliyalashtirishga tavsiya qilindi, 27 ta ilmiy-texnik loyihani moliyalashtirilishini rad etish bo`yicha xulosa berildi.

O`zbekiston-EITU hamkorligi doirasida bajarilishi 2021-2023 yillarga mo`ljallangan loyihalar  tanlovidan o`tgan  loyihalar ichidan EITUga a`zo ishtirokchi davlatlarning har biri tomonidan ijobiy ekspertiza xulosasini olgan 2 ta loyiha moliyalashtirilishiga kelishildi.  

«Yangi avlod rekombinant toksinlarini yaratishda ribosomani inaktivasiyalovchi oqsillarning tuzilishi va funksiyasi» loyihasi  O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademik O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti, Rossiya Fanlar akademiyasi akademiklar M.M.Shemyakin va Yu.A.Ovchinnikov nomidagi Bioorganik kimyo instituti, Vetnam Fan va Texnologiyalar akademiyasi Biotexnologiya instituti  olimlari tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur tadqiqot o`simta to`qimalariga maxsus ta`sir ko`rsatadigan va nojo`ya ta`sirga ega bo`lmagan dorilarni yaratishga qaratilgan. Oddiy va o`simta hujayralari orasidagi molekulyar, biokimyoviy, irsiy farqlar, ayniqsa o`simta to`qimalarida metabolizm, dorilarni, radioizotoplarni, sitotoksinlarni maqsadli etkazib berish usullarini ishlab chiqish uchun nazariy asos yaratadi.

Shuningdek, Rossiya Fundamental tadqiqotlar jamg`armasining Evrosiyo ilmiy-tadqiqotlarni qo`llab-quvvatlash uyushmasi hamkorligidagi ko`p tomonlama ilmiy-texnik loyihalar tanlovi natijalariga ko`ra, O`zR FA Mikrobiologiya Institutida “Akvakultura mikroorganizmlaridan foydalangan holda baliqlar uchun ozuqa em qo`shimchasini yaratish” loyihasi bo`yicha ilmiy izlanishlar olib borish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha Rossiya Federasiyasining Janubiy Federal universiteti va Armaniston Milliy agrar universiteti olimlari bilan xamkorlikda bajariladi. Tadqiqot xar bir mamlakatdagi baliqchilik xo`jaliklarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, Rossiya, Armaniston va O`zbekistonda akvakulturadan foydalanish uchun yuqori samarali maqsadli probiotik preparatlarni yaratishga qaratilgan, deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1