2021 yil 6 yanvar kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n birinchi yalpi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.
Videokonferensaloqa tarzida o`tkazilgan yalpi majlisda hukumat a`zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.
Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “O`zbekiston 24” va “Uzreport” telekanallari orqali jonli efirda namoyish etildi.
Senat a`zolari tomonidan 5 ta masala, shu jumladan, 3 ta qonun muhokama qilindi.
Yalpi majlisda senatorlar dastlab O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdi.

Jumladan, Bolalarni qo`llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlash hamda Bolalar ombudsmani to`g`risidagi qonunni ishlab chiqish bo`yicha faol ish olib borish zarur.

Shu bilan birga, kambag`allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etishga alohida e`tibor qaratish, Senatning tegishli qo`mitasi va Senat devonining mas`ul tarkibiy bo`linmalari bilan birgalikda ushbu vazifani amalga oshirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish lozim.
Xususan, mahalliy Kengashlardagi deputatlik korpusi bilan birga aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni manzilli o`rganib borish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, qiynoqlarning oldini olish bo`yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, mazkur yo`nalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqish, bu boradagi o`rganishlar va tahlillarni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Majlisda ta`kidlanganidek, joriy yilda Sud hokimiyati mustaqilligini ta`minlashga ko`maklashuvchi komissiyaga raislik qilish Senatga o`tadi. Shu bois, Komissiya faoliyatini yanada kuchaytirish eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu bois mahalliy Kengashlar joriy yilda bugungi kungacha mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib borish, mahalliy byudjet ijrosiga mas`uliyat bilan yondashish, har bir tuman va shaharda kambag`allikni qisqartirish bo`yicha ishlab chiqiladigan manzilli dasturning ijrosi bo`yicha hisobotni eshitib, muhokama qilib borish, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” bo`yicha chora-tadbirlar dasturlarining ijrosiga jiddiy e`tibor qaratish, har bir deputat o`zi saylangan hudud aholisi, saylovchilari bilan bevosita muloqotni yo`lga qo`yishi, muammolarini hal etishga ko`maklashishi zarurligiga to`xtalib o`tildi.

Senat Raisi o`rinbosari rahbarligida Ishchi guruh tuzilib, Harakatlar dasturi loyihasini ishlab chiqishi kerakligi bildirildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So`ngra Senat a`zolari “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildi.

“Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonning ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan Qonunga asosan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko`rib chiqish tartibini ilg`or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
- viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo`yicha, jinoyat ishlari bo`yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat`iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo`yicha alohida sudlov hay`atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
- ma`muriy tartib-taomillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko`rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma`muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma`muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma`muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.
Shundan so`ng “O`zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo`ldi.

Jamiyat va davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, tadbirkorlik sub`ektlarining manfaatlarini amaliyotda ifodalash va himoya qilish mexanizmi yaratiladi. Aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va aholining turmush darajasini ko`tarish imkoniyati vujudga keladi.
Xulosa o`rnida qayd etish joizki, mazkur Kodeks qurilish faoliyatini yanada takomillashtirishga yo`naltirilgan.
Senat a`zolari ushbu Qonunni ma`qulladi.
Shundan so`ng “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, madaniyat va san`at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagani turli e`tirozlarga sabab bo`layotgandi. Bunga javoban “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to`g`risida”gi Qonun sohadagi huquqiy bo`shliqni to`ldirishga xizmat qiladi.
Qonunda madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy ustuvor yo`nalishlarini belgilash, mazkur yo`nalishdagi huquqiy munosabat ishtirokchilarini aniqlash va ularning vakolatlarini belgilash, iste`dod egalari va madaniyat muassasalarining huquqiy maqomini belgilash, madaniyat tashkilotlarini davlat hokimiyati organlari, mahalliy o`zini o`zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan o`zaro aloqa va hamkorligini takomillashtirish, madaniyat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish va boshqa qator muhim masalalar qamrab olinmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi madaniyat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshiradi hamda xalqaro huquq normalarini milliy qonun hujjatlariga implementasiya qilinishini ta`minlaydi.
Shuningdek, xalqaro maydonda O`zbekiston Respublikasining imijini oshirish bilan bir qatorda xalqlar va mintaqalar o`rtasidagi madaniy aloqalarning yanada rivojlanishi va mustahkamlanishiga o`zining ijobiy ta`sirini ko`rsatadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n birinchi yalpi majlisi o`z ishini yakunladi.