Ijtimoiy tarmoqlarda Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozovning tumandagi Qiziltepa mahallasi ahli bilan axloqqa zid iboralar ishlatilgan holda muloqoti bo`lgani iddao etib tarqatilgan videolavha yuzasidan Farg`ona viloyati hokimligi tomonidan quyidagilar bayon qilinadi:
Oltiariq tumani Qiziltepa mahallasida yashovchilarning tuman hokimi ular bilan uchrashuvda ahloqqa zid iboralarni qo`llagani, hurmatsiz munosabatda bo`lgani haqidagi iddaolari yuzasidan o`rganish olib borish uchun xalq deputatlari Oltiariq tuman kengashining Odob-axloq komissiyasi tomonidan ishchi guruh tuzildi, o`rganish natijalari yuzasidan qo`shimcha ma`lumot beriladi.
Aholining tuman hokimi bilan bog`liq tanqidiy chiqishi ob`ekti bo`lgan hududdagi masjidni davlat ro`yxatidan o`tkazish masalasi bo`yicha quyidagilarni keltirib o`tish lozim:
Mamlakatimizda so`ngi yillarda barcha sohalar qatorida diniy-ma`naviy sohada ham islohotlar jadal amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, O`zbekiston Islom Universiteti Xalqaro Islom akademiyasiga aylantirildi, madrasalar 11 taga etkazildi, fiqh, hadis va aqoid maktablari faoliyati yo`lga qo`yildi, O`zbekiston musulmonlar idorasi tasarrufidagi diniy ta`lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotalari ikki barobarga oshirildi. Bundan maqsad - fuqarolarimizga Islom dinining asl mohiyatini keng tushuntira oladigan imomlarni ko`plab tayyorlab, aholimizning xizmatiga yo`naltirishdir.
Ushbu islohotlar natijasida Respublikamiz hududida 2019 yil 16 ta, 2020 yil 13 ta yangi masjidlar ochildi va ushbu ishlar davom ettirilmoqda. Hozirgi kunda O`zbekistondagi masjidlar soni 2084 tani tashkil etmoqda.
Mana, bir necha kun avval viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan O`zbekiston tumanidagi “O`qchi-dasht” MFYda joylashgan “O`qchi” masjidi ro`yxatdan o`tkazilib, uning ro`yxatdan o`tkazilgani to`g`risidagi guvohnoma topshirildi. Bu bilan Farg`ona viloyatidagi masjidlar soni esa 200 taga etdi. Kecha, 26 fevral kuni ushbu yangi jome` masjidda ilk juma namozi ko`tarinki kayfiyatda ado qilindi.