Xiva shahrining «Ichan qal`a» muzeyidan 19 aprel, dushanba kuni qadimiy quduq topildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 19 aprel kuni Xiva shahrining «Ichan qal`a» davlat muzey qo`riqxonasi hududidagi ta`mirlash ishlari chog`ida bundan bir necha yillar oldin yopib tashlangan quduq og`zi ochilgan. Biroq uning noan`anaviy ko`rinishi turli farazlarga sabab bo`lmoqda.
Quduq boshqa suv quduqlari kabi pastdan tepaga torayib ketmasdan, uning barcha qismida diametri bir xil, ya`ni 2,6 metrni tashkil qilgan. Chuqurligi 5,6 metrga teng. Qadimgi an`anaga ko`ra quduqning asosi, ya`ni poydevor qismiga Xorazm sharoitida ko`p uchrovchi daraxt, tut yoki gujumdan yog`och poydevor o`rnatilgan. Yog`ochning qalinligi 16 santirmetr atrofida bo`lgan.

Shuningdek, quduq devorlariga 25x25x6 santirmetr o`lchamdagi pishgan g`isht nozik did bilan terilgan. G`ishtlar yuzasida rombsimon belgilar mavjud. Quduq taxminan bundan 100-150 yil oldin qurilgan. Hozirgi kunda mazkur quduqdan aynan nima maqsadda foydalanilgani masalasi ilmiy jihatdan o`rganilmoqda.






