O`zbekistondagi ayrim avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchalaridan olingan avtobenzinlar davlat standart ko`rsatkichlariga mos kelmayotgani aniqlandi, deb xabar beradi «O`zneftgazinspeksiyasi» matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, import asosida kirib kelayotgan mahsulotlar xalqaro standartlarga muvofiq bo`lib, davlat chegaralaridan olib kirishda akkreditasiyadan o`tgan laboratoriyalarning xulosalarini taqdim etilishi talab etiladi. «Import avtobenzinlarni sifatini buzilish holatlari ba`zi nopok tadbirkorlar tomonidan respublika hududida amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.
Ta`kidlanishicha, «O`zneftgazinspeksiya» nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari sifatining nazorati va tahlil qilish yo`lga qo`yilgan. Jumladan, 2021 yilning o`tgan davrida faoliyat ko`rsatayotgan 1286 ta xususiy avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchalari hamda neft mahsulotlarini savdosi bilan shug`ullanadigan 61 ta yirik korxonalar nazorat qilib kelinmoqda.
«Mazkur davr mobaynida 1608 ta holatda (22 668 tonna) neft mahsulotlaridan namunalar olinib, sifat ko`rsatkichlari tahlil qilinganida 94 ta holatda (745 tonna) neft mahsulotlari sifatsiz ekanligi ma`lum bo`ldi. Shuningdek, import asosida olib kelingan 44 855 tonna neft mahsulotlaridan namunalar olinib laboratoriya sharoitida sifat ko`rsatkichlari tahlil qilinganida, mahsulotlar sifatli deb topilib tegishli xulosalar berilgan», — deya qayd etiladi xabarda.
Qayd etilishicha, «O`zbekneftgaz» AJ tomonidan 5-6 ta AYoQShdan xarid qilib olingan avtobenzin yoqilg`isi sifat ko`rsatkichi belgilangan me`yor talablariga muvofiq emasligi, butun respublikadagi avtobenzin yoqilg`ilarini sifatsiz ekanligidan dalolat bermaydi va bu bilan umumiy xulosa qilish noto`g`ri.