Oliy Majlis Senatining o`n beshinchi yalpi majlisi kun tartibi doirasida “O`zbekiston Respublikasi madaniyat va san`at xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuni muhokama etildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Mamlakatimizni 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasida madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san`at sohalarini yuksaltirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning asosiy yo`nalishi sifatida belgilangan.

Aholi, xususan, yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etish, shu asosda ma`naviy etuk, barkamol shaxslarni tarbiyalash, zamonaviy madaniyat va san`at muassasalari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, teatr, musiqa, tasviriy san`at hamda boshqa san`at turlarini rivojlantirish, yosh iste`dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro`yobga chiqarish masalalari davlatimizning ustuvor vazifalariga aylanib bormokda.
Shu ma`noda, “O`zbekiston Respublikasi madaniyat va san`at xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi Qonun Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalar izchil amalga oshirilayotganing yana bir tasdig`idir.

Madaniyat vazirligi, “O`zbekkino” milliy agentligi, O`zbekistan Badiiy akademiyasi, O`zbekistan Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekistan kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O`zbekistan teatr arboblari uyushmasi, Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi hamda keng jamoatchilikning takliflarini hisobga olib, madaniyat va san`atning jamiyatimiz ijtimoiy-ma`naviy hayotida tutgan o`rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida Qonun bilan 15 aprel O`zbekiston Respublikasi madaniyat va san`at xodimlari kuni sifatida belgilanmoqda.
Ayna paytda dunyoning ko`plab davlatlarida ushb sana Xalqaro madaniyat kuni sifatida nishonlanadi. Xususan, 2008 yildan Italiya, Ispaniya, Rossiya, Argentina, Meksika, Kuba, Latviya va Litva kabi davlatlarda 15 aprel – Xalqaro madaniyat kuni Tinchlik bayrog`i ostida tantana qilinadi.

Mamlakatimizda madaniyat va san`at sohasini rivojlantirish, o`zbek milliy madaniyati va san`ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste`dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro`yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan yurtdoshlarimiz aynan mana shu bayram kunida “Madaniyat va san`at fidokori” ko`krak nishoni bilan takdirlanishi ko`zda tutilgan.
Xalq ijodiyoti rivojlantirish, madaniyat va san`at sohasidagi mahoratli ijrochi va ijodkorlar, professional kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, milliy san`atimiz namunalari jahon sahnasida e`tirof etilishi uchun sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan qonun yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.