AsosiyJamiyat

Deputat: qachongacha monopollarga emagan somsa uchun pul to`laymiz?

'Deputat: qachongacha monopollarga emagan somsa uchun pul to`laymiz?'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zXDP fraksiyasi a`zosi Maqsuda Vorisova kommunal xizmat ko`rsatish sohasidagi monopoliya haqida gapirdi. 

Deputatning fikricha, iste`molchida tanlash imkoniyati yo`q. Agar tashkilotlar iste`molchining manfaatlariga hurmat nazari bilan qarasa, huquqlarini poymol qilmasa, xizmatidan rozi bo`linsa, mayli edi. Ammo, hech qanday ogohlantirishsiz elektr soatlab emas, kunlab o`chirilsa, tabiiy gaz yoki suyultirilgan gaz ta`minotidagi uzilishlarga izoh shart bo`lmasa, aholi ichmagan suvi uchun pul to`lashga majbur bo`lsa, telefon aloqasida ham g`azabni keltiradigan holatlar etarli bo`lsa-yu, ular ustidan chora ko`rishning samarali qonuniy asosi bo`lmasa, nima qilish kerak?

Bundan tashqari: 

"Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqsak, ko`rsatiladigan barcha kommunal xizmatlar uchun aholi va ta`minotchi o`rtasida tuziladigan shartnomalar to`liq qayta ko`rib chiqilishi shart. Chunki unga yuridik hujjat maqomi berilishi, unda tomonlarning huquq va mas`uliyati aniq ko`rsatilmasa, yana elektr ta`minoti uchun to`lovni 5 kunga kechiktirgan fuqaro jarima to`laydi yoki ta`minotdan uzib qo`yiladi. Lekin hech qanday ogohlantirishsiz elektr ta`minoti to`xtatilsa yoki kuchlanish ortib ketgani sababli xonadonlardagi elektr asboblar ishdan chiqsa ta`minotchiga chora ko`rishning imkoni yo`q.

Adolatli shartnomada albatta iste`molchi va ta`minotchining aniq manzil va bog`lanish imkoni, ko`rsatiladigan xizmat turi, hajmi, sifati, o`lchov asboblarining kim tomonidan qanday tartibda, qanday muddatda nazorat qilinishi, ko`rsatilgan xizmatlar uchun to`lov shartlari va miqdori, har ikkala tomondan shartnomaning biror moddasi bajarilmagan taqdirda ko`riladigan chora haqida aniq ma`lumotlar kiritilishi shart.

Raqamli iqtisodiyot butun dunyoni egallayotgan davrda yashamoqdamiz. Har birimizning olishimiz zarur bo`lgan va bizga ko`rsatilgan kommunal xizmat hajmi ochiq bo`lmas ekan, fuqarolarimizning elektr tarmoqlari yoki gaz ta`minoti korxonalarida kompyuter oldida o`tirgan yoshgina xodimlarga yalinishlarini ko`rishga, korxona mutasaddilarining ko`rsatmalari asosida hisob raqamlarimizga o`zlari xohlagan raqamlarini kiritishlariga guvoh bo`laveramiz.

Xalq demokratik partiyasi aholiga sifatli xizmatlar ko`rsatilishini ta`minlash, eng muhimi, bu borada ijtimoiy adolat tamoyillariga qat`iy rioya qilinishini hukumatdan talab qiladi",– deydi Maqsuda Vorisova.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar