1

Prostatit: Erkakning ichidagi dushman

Salomatlik 28.03.2016, 15:05
Prostatit: Erkakning ichidagi dushman

Statistika ma`lumotlariga ko`ra dunyo bo`yicha 50 yoshgacha bo`lgan erkaklarning 70 foizida o`tkir yoki surunkali prostatit kuzatiladi. Aksariyat hollarda kasallik rivojlanish davridan o`tib bo`lgach, ya`ni bezovtaliklar zo`raygach mutaxassisga murojaat qilinadi. Mazkur urologik kasallik asoratlari erkakning sog`lom turmush tarzi, jinsiy hayot sifatiga ham ta`sir qilgani bois bugun uni davolashning bir qancha usullari joriy qilingan. 

Mavzu yuzasidan oliy toifali shifokor, urolog-androlog Zarifjon MURODOV ma`lumot beradi. 

SABABLARI NIMA?
Prostatit – prostata bezining yallig`lanishi bo`lib, asosan 30-50 yoshlardagi erkaklar orasida ko`proq kuzatiladi. Kasallik kechishiga ko`ra o`tkir yoki (3 oydan ko`p bo`lsa) surunkali turlarda bo`linadi. Prostatit rivojlanishining sabablari – kichik  tosning venoz tomirlarida qon aylanishining buzilishi, ich qotishi, kamharakatlilik, uzoq vaqt jinsiy aloqadan tiyilish, sovqatish, spirtli ichimliklar kabilar bo`lishi mumkin. 

TURLARI
Xastalik tasniflanishiga ko`ra innfeksion (yuqumli) va noinfeksion (yuqumli bo`lmagan, prostata bezini oziqlantiruvchi qon tomirlarining dimlanishi natijasida yuzaga keladi) turlarga bo`linadi. Infeksion prostatitda  prostat beziga mikroblar, virus, bakteriya va zamburug`lar daxl qiladi. Noinfeksion prostatit esa infeksiya qo`zg`atuvchilarsiz yuzaga keladi. 

QANDAY BEZOVTALIKLAR BO`LADI?
Xastalik xuruj qilganida bemor o`zida turli bezovtaliklarni sezishi mumkin. Xususan, tos a`zolarida og`riq, peshob chiqarish, eakulyasiya (qovushish paytida urug` ajralib chiqishi) jarayonida turli muammolar kelib chiqadi. Yanada aniqroq aytganda peshobning uzuq-yuluq ajralishi, qovuq to`liq bo`shamasligi, bu paytda og`riq hissining yuzaga kelishi, eakulyasiya payti va undan keyin ham og`riq paydo bo`lishi, gemospermiya (shaxvat suyuqligining qon aralash kelishi) kasallikning asosiy belgilari sanaladi. 

TEKShIRUV
Prostatit bilan kasallangan bemorlar uchun quyidagi tekshiruvlar ketma-ketligi belgilanadi:
–  Bemorning umumiy shikoyatlari;
–  Fizikal tekshiruv;
–  Peshobning umumiy tahlili;
–  Venerik kasalliklarni istino qilish bo`yicha tahlil;
–  Infeksiyaga oid tekshiruvlar o`tkaziladi. 
Shu bilan birga mutaxassis qo`shimcha tarzda boshqa turdagi tekshiruvlarni ham buyurishi mumkin. Muolajadan ko`zlangan asosiy maqsad xastalik sababini aniqlab, davolash choralarini to`g`ri yo`naltirish. 

QANDAY DAVOLANILADI?
Hozirgi kunda prostatit bilan og`rigan bemorlar uchun urologik markazlar va poliklinikalarda bir qator muolaja usullari tadbiq etilmoqda. Shifokor bemorning yoshi va holatiga qarab, antibakterial preparatlar va yallig`lanishga qarshi dori vositalari, immun tizimini rag`batlantiruvchi, so`rdiruvchi terapiya, prostata bezini massaj qilish, magnit va lazer terapiyasi kabi muolajalarni buyuradi. Har bir bemor organizmi individual ekanligini hisobga olib, davolash muddati ham turlicha bo`lishi  mumkin. Bugungi kunda prostatitni davolashda gipertermiya (yuqori harorat ta`sirida davolash) muolajasi ham qo`llanilmoqda. Shu bilan birga urologik markazlarda, gipertermiya, massaj va magnit terapiya usullarining birgalikdagi jamlanmasi ham  foydalanilmoqda. 

YaNA QAYTALANADIMI?
Bu savol ko`pchilikni o`ylantiradi. Haqiqatan ham davolangandan so`ng xastalik yana qaytanalanishi mumkinmi? Mutaxassislar fikrich agar sog`ligingizning ehtiyotini qilib, to`liq davolansangiz va sog`lom turmush tarziga rioya etsangiz xastalik takrorlanishining oldini olish mumkin. Aksi bo`lganda esa ...

MUOLAJA BILAN BIRGA...
–  Davolanish davomida spirtli ichimliklarni iste`mol qilmang;
–  Tananinng sovqotishiga yo`l qo`ymang. Qisqa muddatli sovqotish ham kasallikning zo`rayishiga olib kelishi mumkin;
–  Jismoniy mehnat va sport (suzish va velosportdan tashqari) ijobiy ta`sirga ega;
–  Surunkali ich qotish (qabziyat) prostata bezida qon aylanishi buzadi. Shu bois ichaklar yurgazuvchanligiga jiddiy e`tibor qarating;
–  Kamharakatlilikka yo`l qo`ymang.

E`LONLARGA ChALG`IMANG!
Bugun oynaijahon orqali namoyish etilayotgan reklama e`lonlarida prostatitning oson va samarali usullari haqida ko`p gapiriladi. Yodda tuting, reklama qilingan har qaysi dori vositasi ham kasallikni davolashda qo`llanilavermaydi. Shu bilan birga bilib-bilmay dori preparatini qabul qilish turli asoratlarga olib kelishi, kasallik zo`rayishiga sabab bo`lishi mumkin. Faqat malakali urolog shifokorgina to`g`ri muolaja va kerakli dori vositalarini buyurishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1