AsosiyJamiyat

Jizzaxda Qozon Federal universiteti filiali ochildi

'Jizzaxda Qozon Federal universiteti filiali ochildi'ning rasmi

Prezident qarori (PQ–5237-son, 28.08.2021 y.) bilan Jizzax shahrida Qozon Federal universiteti filiali tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.   

Qarorga ko`ra, Filialda quyidagi bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha kadrlar tayyorlanadi:

  • geologiya;
  • dasturiy injiniring;  
  • iqtisodiyot;  
  • mashinasozlik;  
  • davolash ishi;  
  • stomatologiya;
  • farmasiya;  
  • tibbiy biokimyo.

 

Filial Qozon Federal universitetining (Rossiya Federasiyasi) yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi.

Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi va boshqa ta`lim shakllarida olib boriladi.

Filialda ta`lim faoliyati 2022/2023 o`quv yilidan boshlanadi.

Qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo`lgan real ehtiyojini hisobga olib Filial tomonidan tasdiqlanadi.

Talabalarni o`qishga qabul qilish davlat granti hamda to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida ta`lim olgan Filial bitiruvchilari 3 yildan kam bo`lmagan muddat majburiy ishlab berish sharti bilan O`zbekistonning davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi.

Bitiruvchilarga O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasida oliy ma`lumot sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Qarorga ko`ra, 2021/2022 o`quv yilidan Universitet O`zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda “Dasturiy injiniring”, “Farmasiya” va “Axborot tizimlari va texnologiyalari” ta`lim yo`nalishlari bo`yicha kadrlar tayyorlashni boshlaydi hamda mazkur yo`nalishlarda o`qishga qabul qilingan talabalar kelgusida o`qishlarini Filialda davom ettiradi.

2022 yil yakunigacha Filial tarkibida OpenLab ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi.  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar