Ijtimoiy tarmoqda "Novza masjidi oldida Juma namoziga kelganlar jarimaga tortilmoqda" sarlavhasi ostida video tarqaldi. YHXBB holatga quyidagicha izoh berdi.
Yo`l harakati qoidalariga ko`ra, transport vositalarini yo`lning qatnov qismida bir qator qilib, qatnov qismi chetiga parallel ravishda kajavasi bo`lmagan ikki g`ildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qo`yishga ruxsat etiladi.
Joriy yilning 3 sentyabr kuni Toshkent shahar, Chilonzor tumani hududida joylashgan "Novza" masjidiga juma namoziga kelgan ayrim fuqarolar boshqaruvida bo`lgan avtomobilni Bunyodkor shoh ko`chasiga qatnov qismi chetiga parallel ravishda 3 qator tarzda qo`yib, o`zlari masjidga kirishgan. Mazkur masjid atrofida harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida xizmatga jalb etilgan xodimlar 3-qatorga qo`yilgan avtomobillarni suratga olib, profilaktika uchun, haydovchi mazkur qoidabuzarlikni doimiy takrorlamasligi uchun, ogohlantirish sifatida tushuntirishlar berishgan.
YPX Xodimi vaziyatni inobatga olib, qoidabuzarliklar uchun bayonnoma rasmiylashtirmagan.
"Bunyodkor shoh ko`chasida transport vositalari serqatnovligi ko`pchilikka ma`lum. Harakat xavfsizligini ta`minlash, tirbandliklarni oldini olish YPX xodimlarining majburiyati hisoblanadi. Qoidalarda ham to`xtash va to`xtab turish tartibi aniq belgilangan. Barcha haydovchilardan mazkur qoidalarga rioya qilishlarini so`raymiz", —deyiladi xabarda.