Butunrossiya davlat kinematografiya institutida yangi o`quv yilining boshlanishiga bag`ishlangan tantanali tadbir bo`lib o`tdi. Bayramda mazkur institutga o`qishga kirgan 22 nafar o`zbekistonlik yoshlar ham ishtirok etishdi.
Ma`lumotlarga ko`ra, Butunrossiya davlat kinematografiya instituti 1979 yildan beri ilk marotaba aktyorlik ustaxonasiga o`zbekistonlik talabalarni jalb qilgan.
Talabalar 4 yil mobaynida "Maysaraning ishi", "Ibrat", "Baron" va boshqa filmlari bilan O`zbekistonda mashhur bo`lgan Rossiyada xizmat ko`rsatgan artist Farhod Maxmudov ustaxonasida akademik amaliyotni o`taydi.
Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tgan yoshlar barchasi oliygoh rektori Vladimir Malishev va ma`muriyati vakillari bilan tanishdi.
"Nihoyat, kinematografik ta`lim sohasidagi O`zbekiston va Rossiya o`rtasida yo`qolgan aloqalar tiklanmoqda. Biz bu uchun uzoq yo`l bosib o`tdik. O`zbekistonlik iqtidorli yoshlar VGIK devorlari ichida kino asoslarini, aktyorlik va rejissyorlik mahoratini o`rganayotganidan baxtiyorman. Bu mamlakatlarimiz o`rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun asos bo`lib xizmat qiladi", - dedi VGIK rektori Vladimir Malishev.
Butunrossiya davlat kinematografiya instituti talabalari uchun o`tkazilgan marosimda O`zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ishtirok etdi:
– Shuni alohida ta`kidlash kerakki, o`zbekistonlik talabalarni o`qitishni tashkillashtirish, shuningdek, Toshkent shahrida intstitutning filialini ochish tashabbusi shaxsan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevga tegishli, – deya ta`kidladi O`zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori.
– Misol uchun, Prezident institut filialini ochish haqidagi qarorga aynan bayram kunlari arafasida imzo chekdi. Bu mamlakatimiz kinematografiyasi vakillari uchun yana bir ajoyib yangilik bo`ldi. Biz rahbariyat bilan institut filialining ochilish marosimini shu yilning 28 sentyabridan 3 oktyabrigacha bo`lib o`tadigan "Ipak yo`li durdonasi" XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o`tkazishga kelishib oldik", – dedi Kinematografiya agentligi rahbari.
Filial faoliyatining asosiy yo`nalishlari – kinokompaniyalar va kinostudiyalarning yuqori malakali kadrlarga bo`lgan ehtiyojini hisobga olgan holda yuqori malakali ijodiy kadrlar tayyorlash, shuningdek, kinematografiya sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishdan iborat bo`ladi. Filialning birinchi talabalari 2021/2022 o`quv yilida qabul qilinadi. Filial bitiruvchilari Rossiya diplomiga ega bo`ladilar, u O`zbekistonda ham tan olinadi.
O`zbekistonlik talabalarni o`qitish bilan bog`liq barcha xarajatlar O`zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan qoplanadi. O`qish yakunlanganidan so`ng, tomonlar o`rtasidagi kelishuvga ko`ra, yoshlar O`zbekistonga qaytishadi va kinematografiya sohasidagi faoliyatini o`z mamlakatlarida davom ettirishadi.
Firdavs Abduxoliqovning ta`kidlashicha, o`tgan yili Moskvadagi institutga 7 nafar talaba o`qishga qabul qilingan bo`lsa, bu yil ularning soni 22 taga etgan. Bu yil yana besh kishi uchun qo`shimcha joylar ochiladi. Shu bilan birga, aviaparvoz, o`qish va yotoqxona xarajatlarini O`zbekiston va Rossiya tomoni qoplaydi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi 2019 yil dekabr oyida o`zbek kinoijodkorlarini universitet bazasida o`qitish to`g`risida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti bilan shartnoma imzolagani haqida xabar bergan edi.