AsosiyJamiyat

​​Test sinovlari natijasi bo`yicha apellasiya shikoyatlarini ko`rib chiqish tartibi haqida ma`lumot berildi

'​​Test sinovlari natijasi bo`yicha apellasiya shikoyatlarini ko`rib chiqish tartibi haqida ma`lumot berildi'ning rasmi

Avvalroq, kirish test sinovlari natijasidan norozi bo`lgan abiturientlar qachondan onlayn apellyasiya shikoyati berishi mumkinligi ma`lum qilgandik.

Xo`sh, test sinovlari natijasi bo`yicha apellasiya shikoyatlarini ko`rib chiqish tartibi qanday?

Qonunchilikka ko`ra, test sinovlari natijasidan norozi bo`lgan abiturientlar apellasiya komissiyasiga apellasiya shikoyatini berish huquqiga ega.

Apellasiya shikoyatini bergan abiturientlarga uni ko`rib chiqish sanasi va vaqti ko`rsatilgan xabarnoma beriladi. Abiturient xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abiturient ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi shart.

Apellasiya shikoyati ko`rilayotgan abiturientga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto`g`ri bajarilgan javoblar ro`yxati hamda test sinovlarida abiturientga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi.

Taqdim etilgan hujjatlar asosida abiturient o`zining har bir noto`g`ri deb hisoblangan test topshirig`iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellasiya komissiyasiga taqdim etadi.

Apellasiya shikoyati apellasiya komissiyasi tomonidan faqat abiturient ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko`rib chiqiladi.

Abiturientning yozma javoblari o`z tasdig`ini topmagan bo`lsa, apellasiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o`zgarishsiz qoldirish va apellasiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish to`g`risida qaror qabul qiladi.

Abiturient murojaat qilganda unga apellasiya shikoyati bo`yicha qabul qilingan qarordan ko`chirma beriladi.

Abiturientning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga belgilangan tartibda etkazilmagan, yirtilgan bo`lsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki o`zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abiturientning apellasiya shikoyati ko`rib chiqilmaydi.

Apellasiya komissiyasining qarori bo`yicha ma`lumot O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasiga apellasiya shikoyatlarini ko`rib chiqish to`liq yakunlanganidan so`ng, besh ish kuni ichida taqdim etiladi.

Apellasiya komissiyasining qarori O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan so`ng kuchga kiradi.

Boshqa yangiliklar