4-15 sentyabr kunlari Xivada “Markaziy Osiyo dunyo sivilizasiyalari chorrahasida” Xalqaro madaniyat forumi o`tkaziladi. Bu haqda AOKAda o`tkazilayotgan matbuot anjumanida Madaniyat vazirligi mutasaddilari ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, “Markaziy Osiyo dunyo sivilizasiyalari chorrahasida” Xalqaro madaniyat forumi joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Xiva shahrida o`tkaziladi.
Forum doirasida bir qator tadbirlarning ham o`tkazilishi belgilangan, xususan, Xiva shahrida TURKSOY tashkilotiga a`zo davlatlar madaniyat vazirlarining navbatdagi majlisini o`tkazish ko`zda tutilgan. Festivalda ishtirok etish uchun bugungi kunga qadar YuNESKO va Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha Islom tashkiloti (AYSESKO) kabi xalqaro tashkilotlardan ijrochilar, konferensiya ishtirokchilari, hakamlar hay`ati a`zolari, Xalqaro tashkilotlardan faxriy mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ro`yxatdan o`tkazilgan.
Toshkent shahrida O`zbekiston madaniy merosini asrash, o`rganish va targ`ib qilish bo`yicha butunjahon jamiyatining V xalqaro kongressi, Xiva shahrida YuNESKO bilan hamkorlikda Madaniy meros masalalari bo`yicha xalqaro xalqaro maslahat qo`mitasi kengashining yig`ilishi, Nukus shahrida “Arxeologiya va turizm; salohiyatni belgilash va merosni boshqarish” xalqaro arxeologiya konferensiyasi hamda II Xalqaro baxshichilik san`ati festivalini o`tkazish belgilangan.