AsosiyJamiyat

Samarqand veterinariya va medisinasi institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi

'Samarqand veterinariya va medisinasi institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi'ning rasmi

Bugun Samarqand Veterinariya medisinasi instituti yangi Bosh binosining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Marosimda O`zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo`mitasi raisi Bahromjon Norqobilov, qo`mita tarkibidagi ilmiy tadqiqot va ilmiy tekshirish institutlari mutasaddi xodimlari, hududiy veterinariya boshqarmasi vakillari, shuningdek, institut professor o`qituvchilari va talaba - yoshlar ishtirok etishdi.

Mazkur bino qurilishi o`tgan asrning 85 yillarida ayrim sabablarga ko`ra, to`xtatib qo`yilgan, oradan o`tgan deyarli 35 yil mobaynida qurilishni davom ettirishga ko`p marta urinishlar bo`lgan, ammo bu ish amalga oshmagan. Mazkur mahobatli bino qayta qurilib, shu holatga keltirilguncha deyarli 2 yil vaqt ketdi va 28 mlrd. so`m davlat mablag`lari, qolaversa Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo`mitasi ko`magida qurib bitkazildi. Ahamiyatli jihati, binoda 9 ta eng zamonaviy rusumdagi ilmiy va o`quv laboratoriyalari mavjud. Bu laboratoriyalar salohiyati va nufuzi jihatidan dunyodagi eng ilg`or va etakchi oliy ta`lim muassasalari qoshidagi o`quv va ilmiy laboratoriyalar bilan raqobatlasha oladi. Jihozlar va asbob uskunalardan o`quv mashg`ulotlarida, qolaversa ilmiy tadqiqotlar maqsadlarida foydalanish mumkin. Evropa va Amerikaning eng so`nggi rusumdagi zamonaviy asbob - uskunalaridir. Veterinariya sohasida dunyoning eng ilg`or ta`lim standartlari, hayotda sinalgan nazariy va amaliy bilimlardan foydalanish juda muhimdir. Samarqand Veterinariya medisinasi instituti jamoasi ana shu maqsad yo`lida harakat qilmoqda.

Ochilish marosimidan so`ng mehmonlar institut Bosh binosi, laboratoriyalar, auditoriyalar va bu erda talaba - yoshlar, ilmiy izlanuvchilar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. 

anishuvdan so`ng, qo`mita raisi Samarqand Veterinariya medisinasi instituti talaba - yoshlari va professor - o`qituvchilar va mehmonlar uchun “Mustaqillik” darsini o`tdi. 

Rais o`z so`zida ayni kunda mamlakatimizda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning bugungi natijasi, islohotlardan kutilayotgan maqsad, bajarilishi lozim bo`lgan muhim ishlar xususida ta`kidlab o`tdi. Jumladan, bugun yurtimiz aholisi 35 mln. nafarga etgan, mamlakat aholisini sifatli go`sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash aynan mazkur soha vakillari sa`y harakatlariga bog`liqdir. Ma`lumotlarga ko`ra, mamlakat aholisining asosiy oziq-ovqat tovarlari, jumladan go`sht, sut va qishloq xo`jaligi mahsulotlariga bo`lgan ehtiyoji bundan 20 yillar oldin import hisobidan qoplangan bo`lsa, hozirda ularning 90 foizdan ortig`i mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda. Buning natijasi o`laroq, aholi jon boshiga go`sht iste`moli 1,4 barobar, sut va sut mahsulotlari –1,5 barobarga ko`paygan. Bu raqamlar mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash borasidagi ishlar salmog`ini ko`rsatadi.

Uchrashuv davomida qo`mita raisi, institut professor o`qituvchilari, talaba - yoshlar bilan samimiy muloqot qildi. Muloqotda muammoli masalani ko`tarib, unga chiroyli echim taklif qilgani uchun Samarqand Veterinariya medisinasi instituti talabasi, Beruniy davlat mukofoti stipendiati Ozodbek Sobirovga qo`mita raisi tomonidan noutbuk sovg`a qilindi. Shuningdek, rais o`z so`zida institut yangi Bosh binosi uchun qo`mita mablag`lari hisobidan 1 mlrd. so`m ajratilishini ma`lum qildi. Institutning ilg`or professor – o`qituvchilariga “Fahriy yorliqlar” topshirildi. 

Samarqand Veterinariya medisinasi instituti rektori, professor Xudaynazar Yunusovning so`zlariga ko`ra,  SamVMI  mamlakatimizda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasida etakchi oliy ta`lim muassasasi bo`lib qolaveradi va mamlakat iqtisodiyotida oliygoh tayyorlayotgan mutaxassislar va tadqiqotchilar tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar muhim ahamiyat kasb etadi. Sohada ta`lim, fan, ishlab chiqarishning samarali integrasiyasida qo`lga kiritilgan natijalar esa, yurtimiz aholisining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi, shubhasizdir.

Boshqa yangiliklar