Covid-19ga qarshi emlashga monelik qiluvchi holatlar nimalardan iborat?
Ushbu savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo`lim boshlig`i Dilorom TURSUNOVAdan javob berdi:
— Butun dunyoda koronavirus pandemiyasiga qarshi eng samarali chora vaksinasiya ekani so`zsiz tan olingan. Shunga qaramasdan, emlash jarayonlarida xushyorlikni yo`qotmaslik, emlanuvchilar vaksina olishdan avval tegishli tibbiy ko`riklardan o`tishlari lozimligi bot-bot takrorlanmoqda.
Yurtimizdagi emlash jarayonlarida sog`liqni saqlash sohasidagi xalqaro tashkilotlarning tegishli tavsiyalariga asosan fuqarolar tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, emlashga monelik qiluvchi holatlar bo`lganda tegishli choralar ko`rilmoqda:
Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:
- vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi bo`lgan shaxslar;
- anamnezida og`ir allergik reaksiyalari bo`lgan shaxslar;
- o`tkir yuqumli va yuqumsiz xastaliklar bilan kasallanganlar;
- homilador va emizuvchi ayollar (vaksinaning ushbu kontingentga xavfsizligi to`g`risida ma`lumot etarli emasligi sababli);
- 18 yoshgacha bo`lgan bolalar;
- OIV infeksiyasiga chalingan shaxslar (vaksinaning ushbu kontingentga xavfsizligi to`g`risidagi ma`lumot etarli bo`lmagani sababli);
- koronavirus infeksiyasining o`tkir shakli simptomlari bo`lgan bemorlar;
- laboratoriyada “COVID-19”ga topshirilgan PZR tekshiruv testi musbat natija bergan shaxslar.
"COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan kishi bilan aloqada bo`lgan odam tibbiyot muassasasida davolanayotgan bo`lsa, tuzalgandan keyin 3 oydan so`ng emlanishi maqsadga muvofiq. Emlashga bo`lgan barcha turdagi moneliklar emlash punktlarida ro`yxatga olinadi", — deydi shifokor.