1

Mirzo Ulug`bekning maxsus buyurtmasi bilan yaratilgan va deyarli o`rganilmagan qo`lyozma taqdim etildi

Madaniyat 14.09.2021, 14:33
Mirzo Ulug`bekning maxsus buyurtmasi bilan yaratilgan va deyarli o`rganilmagan qo`lyozma taqdim etildi

“Suvar al-kavakib as-sabita” (“Qo`zg`almas yulduzlar tasviri”) astronomik asari noyob qo`lyozmalar sirasiga kiradi.

Kitob o`zbek zaminining buyuk mutafakkiri Mirzo Ulug`bekning buyurtmasi bilan yaratilganiga shubhasiz dalillar ham mavjud. Unda Mirzo Ulug`bekning Sefey yulduzlar turkumi shaklida tasvirlangan miniatyurasi, tilla bilan bitilgan yorliq va kitob egasi “taxtdagi olim” ekanligini ta`kidlovchi boshqa belgilar mavjud.

“O`zbekiston madaniy merosi - Yangi Renessans poydevori” V Xalqaro Kongressi doirasida buyuk hukmdor va olim Mirzo Ulug`bekning buyrug`i bilan maxsus tayyorlangan ushbu noyob qadimiy qo`lyozmaning faksimile nashri taqdimoti bo`lib o`tdi.

Ushbu qadimiy qo`lyozmaning faksimile nusxasi Avstriyaning Mueller&Shindler nashriyot uyi tomonidan O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasi doirasida nashr etilgan.

Asar muallifi — Χ asrning mashhur astronomi va munajjimi Abdurrahmon ibn Umar as-So`fiy. “Qo`zg`almas yulduzlar tasviri” o`rta asrlar astronomiyasining eng buyuk asarlaridan biri sifatida e`tirof etilgan. Ushbu asar o`z astronomik jadvallarini yaratish ustida faoliyat olib borgan olim Mirzo Ulug`bekka yordam bergan. Qo`lyozma shaxsan Mirzo Ulug`bek buyurtmasi bilan yaratilgan bo`lib, uning qo`li bilan yozilgan belgilarni ham o`z ichiga oladi.

Ushbu qo`lyozma Fransiya Milliy kutubxonasi fondida saqlanmoqda.

“Biz Fransiya Milliy kutubxonasi bilan bir necha yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz. “Qo`zg`almas yulduzlar tasviri” asarining faksimile nusxasi hamkorlik natijasida tayyorlangan ikkinchi nashr. Undan oldin biz mashhur “Me`rojnoma” diniy -falsafiy asarining faksimile nusxasini yaratganmiz. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining shaxsiy ko`magi va Avstriyaning "Mueller&Shindler" nashriyoti tufayli butun dunyo olimlarning orzulari ro`yobga chiqayotganidan cheksiz baxtiyormiz, chunki qilinayotgan ishlar mamlaktimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash uchun juda muhim. Shuningdek, loyihani amalga oshirishda o`z yordamini ayamagani uchun O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va “Eriell Group neft-servis kompaniyasiga Butunjahon jamiyati nomidan minnatdorchilik bildiraman. Faksimile nashrlarning qiymati shundaki, ular asl qo`lyozma qanday ko`rinishga ega ekanligi haqida deyarli yuz foiz tasavvurga ega bo`lish uchun yordam beradi”, - deydi O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati Boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1