AsosiyJamiyat

Ijarada yashovchi talabalar uchun muhim yangilik e`lon qilindi

'Ijarada yashovchi talabalar uchun muhim yangilik e`lon qilindi'ning rasmi

Talabalarga ijara to`lovining bir qismini qoplab berish tartibi belgilandi.

Hukumat Qarori bilan Davlat oliy ta`lim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara to`lovining bir qismini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko`ra, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to`lovi bir qismini qoplab berish davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo`yilgan ko`chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.  

 Ro`yxatga olingan doimiy yashash joyi doirasida (tuman, shahar miqyosida) ariza beruvchilarga oylik ijara to`lovining bir qismini qoplab berish amalga oshirilmaydi.  

Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo`lishlari shart.

 Mazkur tartib davlat OTMning faqat kunduzgi ta`lim shaklida o`qib, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalariga nisbatan tatbiq etiladi.  

 Bunda ariza beruvchi tegishli ma`lumot yoki hujjatlarni o`zi ta`lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo`limi dekan o`rinbosari yoki OTMning talabalarni turar joy bilan ta`minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo`limiga topshiradi.

Mas`ullar 1 hafta davomida ariza beruvchi ma`lumotlarining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini o`rganadi. So`ng ma`lumotlarni umumlashtirib, ko`rib chiqish va xulosa berish uchun navbatdagi haftaning birinchi kunida talabgorlarni tanlab olish komissiyasiga taqdim etadi.

Komissiya bir ish kunida talabgorlar to`g`risidagi ma`lumotlarni o`rganib chiqib, qaror qabul qiladi.

Shunga ko`ra, davlat OTM rektori (filial direktori)ning buyrug`i rasmiylashtirilib, arizalari qanoatlantirilgan talabgorlar to`g`risidagi tegishli ma`lumotlar va ularning ro`yxati to`lovlarni amalga oshirish uchun buxgalteriyaga taqdim etiladi.  

Arizasi ijobiy hal etilgan talabalar uchun ijara to`lovining bir qismi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan ular ariza bergan sanadan boshlab qoplab beriladi.

 Ijara to`lovining bir qismini qoplab berish:

➖ o`quv yili davomida (har yili 1 sentyabrdan 1 iyulgacha) yoki o`qitish dasturi bo`yicha o`quv yilining davomiyligiga qarab belgilanadi;

➖ ariza beruvchi tomonidan har oyning 7-sanasigacha arizalar mas`ullarga taqdim etilganidan so`ng amalga oshiriladi.

 "Ushbu muddatlar tugagandan keyin berilgan arizalar ko`rib chiqilmaydi",–deyiladi xabarda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar