25 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qirg`iziston etakchisi mamlakatimizda Prezident saylovi muvaffaqiyatli o`tkazilgani va unda ishonchli g`alabaga erishilgani bilan davlatimiz rahbarini chin dildan tabrikladi. Birodar o`zbek xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va taraqqiyot tilaklari izhor etildi.
Prezidentlar savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va gumanitar hamkorlikdagi qo`shma loyihalarning borishini muhokama qildilar.
Mintaqa kun tartibidagi masalalar ham ko`rib chiqildi.
25 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon telefon orqali muloqot qildilar. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Tojikiston Prezidenti suhbat avvalida O`zbekiston etakchisini davlat rahbari saylovida erishgan ishonchli g`alabasi bilan samimiy qutlab, birodar o`zbek xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Mamlakatlarimiz o`rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan qo`shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.
O`zaro savdoning o`sish sur`atlari, sanoat kooperasiyasi loyihalari ilgari surilayotgani, avtobuslar qatnovi qayta tiklangani, sog`liqni saqlash va kinematografiya sohalarida faol aloqalar yo`lga qo`yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afg`onistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda muhokama qilindi.