Bo`yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qo`llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan stavkasi 4-5 foizdan oshmagan 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilindi, deb xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Ip-kalavadan tashqari, bo`yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda ularning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa to`qimachilik korxonalariga, 3 yil muddatga ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 12 foiz o`rniga, 1 foiz qilib belgilanadi. Ularga mol-mulk solig`ini 3 yilga kechiktirib to`lash imkoniyati ham beriladi. Buning hisobiga, korxonalar ixtiyorida yiliga kamida 500 milliard so`m mablag` qoladi. Kelgusi yildan ip-kalavani qayta ishlaydigan klasterlarga, kredit olishda paxta xom-ashyosi va tolasini garovga qo`yish amaliyoti joriy etiladi.
“Matoni bo`yash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun, korxona quvvatiga qarab, davlat hisobidan, moliyaviy grantlar ham ajratiladi. Misol uchun, 5 million dollarlik, sutkasiga 10 tonna matoni bo`yash kompleksini xarid qilish uchun, 500 ming dollar grant beriladi. Ushbu maqsadlarda loyihalarni kreditlash uchun, yana 150 million dollar mablag` ajratiladi”, dedi prezident.
Shuningdek, klasterlarga biriktirilgan 1 million gektar paxta maydonlarida:
- tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo`yicha agrotexnika tadbirlarini o`tkazish;
- sug`orishning yangi texnologiyalariga o`tish;
- o`simliklar himoyasi xizmatlari;
- zamonaviy laboratoriyalar barpo etish;
- fermerlarni o`qitish kabi tadbirlar uchun, har bir gektarga 1 million so`mdan, jami byudjetdan 1 trillion so`m moliyaviy grantlar ajratiladi.