Maʼlum qilinishicha, xorijlik investorlar uchun dastlabki 50 ta lot belgilangan. Ularning joylashuvi, loyiha imkoniyatlari, iqtisodiy hisob-kitoblari va yangi imtiyozlarni o‘z ichiga olgan takliflar paketi xorijiy davlatlardagi elchilarga yetkaziladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga chet ellik sarmoyadorlarni Yangi Toshkentdagi investitsiya imkoniyatlari bilan kengroq tanishtirish vazifasi yuklatildi.
Vazirlar har bir uchrashuvda xorijiy hamkorlar va yirik kompaniyalarga Yangi Toshkent imkoniyatlarini taqdim etib, ularni qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qilishi kerak.
Prezident eʼlon qilingan imkoniyatlar qog‘ozda qolib ketmasligi, investorlarga yer uchastkalari, iqtisodiy hisob-kitoblar va amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan tayyor takliflar taqdim etilishi zarurligini taʼkidladi.






