1

Hillari Klinton: Oqila siyosatchi, vafodor rafiqa, mehribon ona

SUG'DIYONA 20.04.2016, 13:03
Teglar: Ayol, Ona, Oila, Er-xotin
Hillari Klinton: Oqila siyosatchi, vafodor rafiqa, mehribon ona

AQShda joriy yilning 8 noyabr kuni bo`lib o`tishi kutilayotgan prezident saylovi arafasida nomzodlar o`rtasidagi kurash tobora keskin tus olayotir. Ayni paytda mazkur saylovda Demokratlar partiyasidan o`z nomzodini ilgari surgan Hillari Klintonning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. 
 

Qat`iyatli, qiziqqon, idrokli...

Hillari Klinton nomi jahon ahliga dastlab AQShning birinchi xonimi sifatida tanilgan bo`lsa, keyinchalik u davlat kotibi sifatida ham jahon siyosati sahnasida etarlicha o`rin tutib keldi. Joriy yildagi saylov natijasidan qat`i nazar Hillari xonim Amerika siyosatining mashhur vakillaridan biri bo`lib qolishi shubhasiz. Zotan u ayni paytga qadar siyosiy nuqtai nazardan katta tajriba va obro`-e`tibor to`plab ulgurgan. 

Hillari xonim (qizlik ism-familiyasi Dayan Rodem)  1947 yil 26 oktyabr kuni Chikagoda tavallud topgan. Uning otasi  Xyu Ellsuort Rodem kichik tadbirkor, onasi  Doroti Emma Rodem uy bekasi edi. Hillari bolaligidan o`ta qat`iyatli, qiziqqon, idrokli qizaloq sifatida atrofdagilarning e`tiborini tortardi. U basketbol va suzishga juda qiziqar, bu borada qator musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgandi. 

1965 maktabni a`lo baholarga bitirgan Hillari dastlab Uellsli kollejida, keyin Yell universitetida tahsil oldi. Talabalik paytidan siyosatga qiziqib, yosh respublikachilar tashkilotiga rahbarlik qildi.  1973 yilda huquq doktori darajasini qo`lga kiritgan Hillari Bolalarni  himoya qilish jamg`armasida ishlay boshladi.  Biroq, ko`p o`tmay u o`zining bo`lajak turmush o`rtog`i Bill Klinton bilan tanishib qolgach, huquq sohasidagi faoliyatiga nuqta qo`yildi. Uning hayoti shu tariqa siyosat bilan chambarchas bog`landi. 

Sadoqatli rafiqa, mehribon ona...

Bill va Hillari o`rtasidagi samimiy munosabatlar 1975 yilda nikoh rishtasi bilan yanada mustahkamlandi. Shu tariqa Hillari eri bilan birga siyosat ummoniga jiddiy sho`ng`ib ketishdi. Aytish joizki, Bill Klintonning Amerika katta siyosatiga kirishiga ham Hillari xonimning hissasi katta. Xotinining yordami bilan Bill Klinton 1976 yilda Arkanzas shtati prokurori, 1978 yilda esa, gubernator darajasiga ko`tarildi. 

Hillari Klintonning o`zi esa, xuddi shu yili Yuridik xizmatlar korporasiyasi boshqaruvining a`zosi etib saylandi. Keyingi 12 yil davomida Hillari xonim Arkanzas shtati hududida bolalar himoyasi, sog`liqni saqlash va ta`lim tizimida faol ishtirok etib keldi. 

Hillari xonim o`z oilasiga sadoqatli ayol, aqlli uy bekasi, mehribon ona sifatida omma e`tiborini qozonib kelmoqda. Ularning yagona qizi  Chelsi 1980 yilda tug`ilgan. Stenford universitetini bitirgan Chelsi keyinchalik otasi tashkil etgan xayriya fondiga ishga kirdi. U 2010 yilda bankir Mark Mevzinski bilan turmush qurgan. Ayni paytda Xillari va Bill Klintonning Sharlotta ismli nabiralari bor.

AQShning birinchi xonimi

1992 yilgi prezident saylovida Bill Klintonning g`alabasi tufayli Hillari xonim AQShning birinchi xonimiga aylandi.  Erining iltimosiga ko`ra, sog`liqni saqlash tizimini isloh qilish qo`mitasini boshqara boshlagan Hillari Klinton respublikachilarning keskin tanqididan so`ngra bu lavozimdan voz kechishga majbur bo`ldi. 

Shundan so`ng yana u o`zini bolalar va ayollar himoyasiga bag`ishladi. Shu bilan birga dunyoda chakana savdo bo`yicha yirik reteyler-kompaniya sanalgan Wal-Martning bosh boshqaruvchisi etib tayinlandi. Shu tariqa u moliyaviy jihatdan eridan mustaqil bo`lib oldi. 1993 yilda uning yillik daromadi 250 ming dollarni tashkil etdi. Bu erining yillik maoshidan ancha ko`p edi. 

2000 yilda u  Nyu-York shtati senatori etib saylangan, bu esa, kelgusida shaxsan o`zi prezident saylovida ishtirok etishi uchun sharoit yaratardi. 

Oila boshida qora bulutlar

1998 yilda yilda 49 yoshli prezident Bill Klinton va 22 yoshli Oq Uy xizmatchisi Monika Levinski o`rtasidagi ishqiy  mojarolar butun dunyo miqyosidagi shov-shuvga aylandi.

Bu borada Amerikada ham, boshqa mamlakatlarda ham yozmagan nashrning o`zi qolmadi. Bill Klinton garchi Oq Uyda o`tgan matbuot anjumanida Levinski bilan hech qanday munosabatda bo`lmaganini ta`kidlasa-da, sud-tibbiyot ekspertlari prezidentning zarariga xulosa chiqarishdi. Kongres esa, yolg`on ma`lumot bergani uchun Klintonga nisbatan impichment e`lon qildi. 

Ko`pchilik bu mashmasha nafaqat Klintonning siyosiy mavqeiga soya solishi, balki uning oilasiga ham jiddiy zarba bo`lishini kutgandi. Ko`pchilik o`ylaganidek, AQShning birinchi xonimi erining xiyonati haqidagi gap-so`zlarni bosiqlik bilan qabul qildi. Bu shov-shuvlar erini obro`sizlantirish uchun uning raqiblari to`qigan fitna tuzog`i ekanini tushundi. Bu Klinton xonimning nafaqat siyosatda, balki oilaviy munosabatlarda ham uzoqni o`ylab, idrok va mulohaza bilan ish tutishini ko`rsatadi.

“Kursi” uchun kurash

Mamlakat  konstitusiyasiga ko`ra, prezidentlikka AQSh hududida tug`ilgan, 35 yoshdan oshgan,  kamida 14 yil shu erda yashagan Amerika fuqarolari o`z nomzodini qo`yish huquqiga ega bo`ladilar. Mamlakatning amaldagi rahbari Baraka Obama ayni paytga qadar ikki marta o`z nomzodini qo`ygani sababli bu galgi saylovda qatnasha olmaydi.

Bu saylovda Demokratlar partiyasida Hillari Klinton bilan birga  Vermont shtati senatori Berni Sanders nomzodi ilgari surilgan. Respublikachilar partiyasidan hozircha uch nafar nomzod - Ogayo gubernatori Jon Keysik, texaslik senator Ted Kruz, milliarder, “Tramp Organizayshn” korporasiyasi rahbari Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida ishtirok etmoqda.  Mamlakat siyosiy hayotida “uchinchi kuchlar” deb nom olgan  boshqa siyosiy partiyalar va muqobil saylovchilar guruhlaridan etti nafar nomzod mamlakatdagi eng yuksak kursi uchun kurash olib boradi.

Klinton xonim 2008 yildagi saylovda ham ishtirok etish istagini bildirgan bo`lsa-da, oilaviy sabablarga ko`ra, dastlabki bosqichdayoq bu kurashdan  voz kechgan va Barak Obamani qo`llab-quvvatlashini bildirgan. Barak Obama inaugirasiya marosimidan so`ng Hillari Klintonga davlat departamenti boshqaruvini topshirdi. Hillari xonim 2013 yilning 1 fevraliga qadar bu vazifani, aytish mumkinki muvaffaqiyatli bajarib keldi. 

Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam Hillari Klinton 2016 yilgi prezident saylovida Demokratlar partiyasidan o`z nomzodini ilgari surishini rasman ma`lum qildi. Prezident saylovining dastlabki bosqichi partiya vakillari ishtirokida o`tkaziladigan praymeriz natijalariga ko`ra, Hillari Klinton yigirmadan ortiq shtatda o`z tarafdorlarining madadi bilan g`alaba qozondi va ayni paytda partiyadagi asosiy raqibi Berni Sandersdan oldinda bormoqda.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1