OFK Kubogi-2021 final uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda “Nasaf” jamoasi ustozi Ro`ziqul Berdiev va jamoa etakchilaridan biri Umar Eshmurodov ishtirok etishdi.
Ro`ziqul Berdiev:
- Ertaga bizni final kutyapti. Ikkala jamoa ham finalga osonlikcha etib kelmadi. Shu sababli ikkala jamoa ham borini berib maydonda harakat qiladi.
Raqib jamoani yaxshi o`rgandik. Raqib – juda shakllangan jamoa. Tarkibida mahoratli futbolchilari ko`p. Ancha tartibli o`ynaydi. Yigitlarga raqib to`g`risida to`liq ma`lumot berishga harakat qildik.
Balki issiq ob-havo biroz qiyinchilik tug`dirishi mumkin, lekin bu bahona bo`la olmaydi. Qanday qiyinchilik bo`lsa-da biz final uchrashuvida juda yaxshi o`ynagan holda asosiy maqsadimizga etishga harakat qilamiz.
Final – bitta o`yindan iborat. To`g`ri, musobaqa to`purari, assistlar etakchilari, ko`p gol urilganligi kabi raqamlar va statistikalar biz tarafimizdadir. Lekin oldingi o`yinlar natijalarini unutgan holda bor e`tiborni oldindagi hal qiluvchi bahsga qaratamiz.
Umar Eshmurodov:
- Ertaga muxlislarimizni, xalqimizni chiroyli g`alaba bilan xursand qilish uchun maydonga tushamiz va borimizni beramiz.